Hududiy kengashlar korrupsiyaga qarshi kurashda yangi choralarni o‘rganmoqda
Qarshida hududiy kengashlar uchun korrupsiyaga qarshi kurash treningi boshlandi. Unda tender va yer ajratishdagi qonunbuzarliklarni aniqlab, fuqaro murojaatlarini aniq choraga aylantirish mexanizmlari o‘rganilmoqda.
Qarshi shahrida boshlangan ikki kunlik trening davomida ishtirokchilar tender shartlarining bitta korxonaga moslashtirilishi, yer ajratishdagi tanish-bilishchilik holatlari, fuqarolar murojaatlaridagi muammolar aniq choralarga qanday aylantirilishi mumkinligi kabi dolzarb savollarni muhokama qilmoqda. Mazkur mashg‘ulotlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Bu kabi treninglar 14 ta hududni qamrab oladi. Shu kungacha o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda 60 dan ortiq taklif ishlab chiqilgan bo‘lib, ularning ayrimlari qonunchilik hujjatlarida o‘z aksini topgan. Trening davomida hududiy kengashlarning vakolatlariga alohida e’tibor qaratildi. Ular korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan ob’ektlardagi vaziyatni o‘rganish, mas’ul rahbarlarning hisobotlarini tinglash hamda muammolarni bartaraf etish choralarini belgilash vakolatiga ega. Eng muhimi, kengash qarorlari tegishli hududdagi davlat organlari va tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.

—Ushbu vakolatning amaliy ahamiyati juda katta, — deydi 2-darajali adliya maslahatchisi, loyiha eksperti To‘lqin Tursunov. — Bir sohada o‘xshash shikoyatlar takrorlanganda har bir murojaatga alohida javob berish muammoning ildizini bartaraf etmasligi mumkin. Kengash esa turli idoralar ma’lumotlarini jamlab, qaysi tartib yoki nazoratdagi bo‘shliqlar korrupsiyaga sharoit yaratayotganini chuqur o‘rgana oladi. Treningda aynan shunday vaziyatlar amaliy misollar orqali ko‘rib chiqildi. Xususan, tender talablari muayyan korxonaga moslashtirilib, boshqa ishtirokchilarga yo‘l yopilgan holat tahlil qilindi. Ishtirokchilar bunday vaziyatda nimani tekshirish, qaysi idorani jalb qilish va qanday choralar belgilash lozimligini muhokama qildi. Treningning ikkinchi kuni fuqarolar murojaatlari, jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari (OAV) bilan hamkorlik masalalariga bag‘ishlanadi.
Jurnalist yoki fuqaro tomonidan ko‘tarilgan har qanday masala chuqur o‘rganish uchun muhim signal bo‘lishi mumkin. Biroq, xabardagi da’voni tasdiqlangan faktdan ajratish, hujjatlarni sinchiklab tekshirish va qo‘shimcha ma’lumot olish zarurligi ta’kidlandi. Bunda davlat idoralarining ochiqligi muhim ahamiyat kasb etadi. Rasmiy ma’lumotlar o‘z vaqtida taqdim etilmasa, muammoni xolis yoritish va unga to‘g‘ri baho berish mushkullashadi. Shu bois, dasturda jurnalistlar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, ko‘rilgan choralar va erishilgan natijalarni jamoatchilikka tushuntirish masalalariga ham alohida o‘rin berilgan.

Trening yakunida ishtirokchilar aniq harakat rejalarini ishlab chiqadi. Ushbu rejalarda kim qanday ishni qachon bajarishi va erishilgan natijalar qanday tekshirilishi aniq ko‘rsatiladi. Kengashlar faoliyatining aholi uchun sezilarli bo‘lishi aynan shunda. Ko‘tarilgan muammo yuzasidan qanday choralar ko‘rilgani va qanday o‘zgarishlar yuz bergani jamoatchilik uchun ochiq bo‘lishi shart.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘zA