Hayvonlarni yuqumli kasalliklardan himoya qilish borasida qilinayotgan ishlar muhokama qilindi
Milliy matbuot markazida Davlat veterinariya xizmati tomonidan hayvonlarning yuqumli kasalliklarini oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Veterinariya to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, respublika hududini hayvonlarning o‘ta xavfli yuqumli kasalliklardan himoya qilish, respublika hududida veterinariya osoyishtaligini ta’minlash va aholi iste’moli uchun sifatli chorvachilik mahsulotlarini yetkazib berish Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Tadbirda qayd etilganidek, Butunjahon hayvonlar sog‘ligi tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, dunyoning 60 ta davlatlarida hayvonlarning o‘ta xavfli yuqumli kasalliklari bo‘yicha nosog‘lom epizootik vaziyat yuzaga kelgan.
Xususan, respublikamizga qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘oniston davlatlarida hayvonlar orasida kuydirgi, quturish, brutsellyoz, parranda grippi va boshqa turdagi kasalliklar qayd qilib kelinmoqda.

Dunyo mamlakatlarida, qo‘shni respublikalarda uchrayotgan hayvonlar kasalliklarini respublikamiz hududiga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan Veterinar osoyishtalikni ta’minlash yuzasidan profilaktik emlash tadbirlarini o‘tkazishga 1 ming 200 ta ishchi guruh (otryad) tuzilib, unga 5 ming nafar rahbar va xodimlar biriktirildi hamda ular faolyatini muvofiqlashtiruvchi shtablar tashkil etildi.
Hayvonlar kasalliklariga qarshi o‘tkaziladigan profilaktik tadbirlar “Mahallabay” va “Xonadonbay” usul asosida amalga oshirish tizimi yaratilgan.
Respublikamizga qo‘shni davlatlardan kasalliklarning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish borasida 38 mln bosh chorva mollar 11 turdagi hamda 98 mln bosh parrandalar 4 turdagi kasalliklarga qarshi profilaktik emlash tadbirlari o‘tkazilishi tizimli yo‘lga qo‘yilib, hayvonlar saqlanadigan joylar doimiy ravishda profilaktik dezinfeksiya va dezinseksiya tadbirlari olib borilmoqda.
Bunda birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar bilan, jumladan, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Afg‘oniston jami 6 ming 221 km uzunlikdagi bufer xududlariga kirgan 82 ta tumanlarimizdagi 8,0 mln boshdan ortiq chorva mollari va 12 mln boshdan ortiq parrandalarda yuqumli kasalliklarga qarshi doimiy profilaktik emlash tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlaridagi davlat veterinariya xizmati tomonidan respublikamizga kirib kelgan 1 mlnga yaqin avtotransport vositalari veterinariya-sanitariya ishlovidan o‘tkazilib, zararsizlantirildi. Natijada hozirgi kunda respublika hududida hayvonlarning o‘ta xavfli yuqumli kasalliklari bo‘yicha epizootik barqarorlik ta’minlanib kelinmoqda.
Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi va sifatini ta’minlash bo‘yicha Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi xalqaro akkreditatsiyadan hamda uning tizimidagi Qashqadaryo, Farg‘ona, Buxoro va Xorazm viloyatidagi veterinariya laboratoriyalari milliy akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Hududlarda epizootik barqarorlik ta’minlash maqsadida 16,0 mln.ta laboratoriya diagnostik tahlillari o‘tkazildi.
Hududiy diagnostika laboratoriyalariga kimyoviy moddalar, dori vositalari va og‘ir metall tuzlari qoldig‘ini aniqlaydigan 6 ta laboratoriya uskunasini o‘rnatish, shuningdek, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Toshkent, Qashqadaryo, Xorazm va Samarqand viloyatlarida hayvonlar ozuqasini tahlil qiluvchi laboratoriya tashkil etish belgilab olingan.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA