Har bir bola uchun teng imkoniyat
Mamlakatimizda har bir bola, u kim bo‘lishidan qat’i nazar, sifatli ta’lim olish huquqiga ega. Inklyuziv ta’lim esa nogironligi bo‘lgan bolalarga jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida o‘sib-rivojlanish, bilim olish va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etish imkoniyatini yaratadi.
Bugungi kunda bunday yondashuv dunyo bo‘ylab keng tarqalib, o‘z samaradorligini namoyon etmoqda. Xususan, Olmaliq shahridagi Oydin hayot mahallasida yashovchi Amirxon Jumanov ham alohida ta’limga muhtoj bolalardan biri edi. Uning onasi Mohina Jumanova o‘g‘lining tengdoshlari bilan birga ta’lim olishini istadi. Uning fikricha, farzand alohida muhitda emas, balki jamiyat ichida kamol topishi, mustaqil hayotga tayyorgarlik ko‘rishi juda muhim.

Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tavsiyasiga ko‘ra, Amirxon shahardagi 20-sonli aniq fanlar chuqur o‘rgatiladigan umumta’lim maktabiga qabul qilindi. Mazkur ta’lim dargohida inklyuziv ta’lim yo‘lga qo‘yilganidan buyon uning hayotida qator ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
— Dastlab juda xavotirlandim, — deydi onasi M.Jumanova. — Bolam sinfdoshlari bilan til topisha olarmikan, o‘qituvchilar uni tushuna olarmikan, deb o‘ylar edim. Ammo vaqt o‘tishi bilan uning yangi iste’dodlari namoyon bo‘layotganini ko‘rib, quvonayapman. U har kuni maktabga xursand bo‘lib boradi.

Bu esa, shubhasiz, o‘qituvchilarning mehnati, sinfdoshlarining samimiy munosabati va maktabda yaratilgan inklyuziv muhit samarasidir.
Hozir Amirxon nafaqat o‘qishda, balki sport va san’at sohalarida ham o‘z iqtidorini namoyon etmoqda. U futbol o‘ynashni yaxshi ko‘radi, rasm chizishga qiziqadi va ijodiy faoliyatga intilmoqda.
— Bu bolaning futbolga bo‘lgan qiziqishi uning sinfdoshlari bilan yaqinlashishiga yordam bermoqda, — deydi o‘qituvchisi Aziza Toshmatova. — Jamoaviy o‘yinlar orqali muloqot ko‘nikmalari rivojlanmoqda. U maktab tadbirlarida ham faol ishtirok etyapti. Bu esa uning ijtimoiy hayotga moslashuvini yanada tezlashtirmoqda. Amirxonning ijodiy qobiliyati ham tobora rivojlanmoqda. U turli rasmlar chizib, o‘z fantaziyasini namoyon etadi. Shuningdek, robototexnikaga qiziqishi ortib bormoqda. Bu esa uning fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, sinf rahbari Aziza Toshmatova inklyuziv ta’lim jarayonida alohida faollik ko‘rsatadi. U bolaning ta’lim jarayoniga moslashishi, sinfdoshlari bilan erkin muloqot qilishi va o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirish uchun barcha sharoitni yaratib bermoqda. O‘qituvchining mehnatsevarligi va bag‘rikengligi tufayli Amirxon o‘z imkoniyatlarini tobora keng ochib bormoqda.
Umuman olganda, inklyuziv ta’lim tizimi nogironligi bo‘lgan bolalarga mustaqil hayot kechirishga yordam beryapti. Bu esa shunday bolalarga hayotda o‘z o‘rnini topish va faol fuqaro bo‘lish imkonini beradi. Bu nafaqat alohida shaxslar, balki butun jamiyat uchun ham katta yutuqdir.
A. Musayev, O‘zA