Farhod G‘aniyev: korrupsiyaviy jinoyatlarga nisbatan jazo muqarrarligi izchil ta’minlanmoqda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev korrupsiyaga qarshi kurashishni kuchaytirish uchun “favqulodda holat” e’lon qilganidan xabaringiz bor.

Bu borada sud tizimida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Farhod G‘aniyev sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish keskin kuchaytirilgani barobarida shunday holatlarga yo‘l qo‘ygan shaxslar bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha aybdorlar qonuniy jazosini olayotganini qayd etdi.
– Sud amaliyoti tahliliga nazar tashlasak, Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudlari tomonidan 2025-yil davomida korrupsiyaviy jinoyatlar bilan bog‘liq 462 nafar shaxsga nisbatan 264 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi, – deydi F.G‘aniyev. – 453 nafar shaxsga 256 ayblov hukmi chiqarildi. 3 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilindi, 6 nafar shaxsga nisbatan ishlar tugatildi.
Sudlanganlarning 19,6 foizi – jarima, 12,6 foizi – axloq tuzatish ishlari, 22,1 foizi – ozodlikdan cheklash, 33,3 foizi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilgan bo‘lsa, 8 foiziga shartli jazo tayinlangan. 188 nafar sudlanuvchi qo‘shimcha jazo sifatida muayyan huquqdan ham mahrum etilgan.
Misol uchun, fuqaro A.Q. Toshkent xalqaro aeroportida mas’ul lavozimida faoliyat yuritgan. Ammo u mansabdor shaxs sifatida o‘z xizmat mavqeidan g‘arazli maqsadda foydalanib, chiqish vizalarini rasmiylashtirib berish evaziga turli miqdordagi pullarni pora sifatida talab qilib kelgan. Chet ellik fuqaro M.A.dan o‘zining xizmat xonasida bir million so‘m olib, unga “Exit” vizasini rasmiylashtirib bergan. Umuman aytganda, u 31 holatda pora olgan.
2025-yil 19-iyul kuni u fuqaro A.S.dan 200 AQSH dollarini pora sifatida olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan ushlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tumani sudi hukmi bilan A.Q.ga 2 yil muddatga huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Soliq tizimida faoliyat yuritgan S.T. va U.X. o‘zaro jinoiy til biriktirib, poraxo‘rlik jinoyatini sodir etgan. Ya’ni, ular o‘z xizmat mavqeidan qasddan foydalanib, Yakkasaroy tumanida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasini o‘rganib, uning ish yurituvchisiga soliq tekshiruvlarini o‘tkazmaslik va shoxobcha faoliyatiga rahbarlikni olib berish evaziga 600 AQSH dollari talab qilgan. Ular bu mablag‘ni pora sifatida olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Sud tomonidan har ikkala sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan aybdor deb topilib, 3 yil muddatga soliq sohasida rahbarlik va moddiy vazifalarda, shuningdek mansabdor bo‘lib ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sud amaliyotida shu tarzda korrupsiyaviy jinoyatlarga nisbatan jazo muqarrarligi izchil ta’minlanmoqda. Bu xizmat burchini bajarish vaqtida hamon tamagirlik qilishga urinayogan shaxslarga saboq bo‘lishi kerak. Zero, ko‘za kunda emas, kunida sinadi.
Norgul Abduraimova, O‘zA