Halollik — ustuvor tamoyil
Sirdaryo viloyatida ijtimoiy himoya sohasida shaffoflik va adolatni ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda tizim tashkilotlari xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati prokurori o‘rinbosari Sherzod Ortiqbayev va agentlikning viloyat boshqarmasi boshlig‘i Quvonchbek Hamdamovlar ishtirok etishdi. Ular yig‘ilishda korrupsiyaning oldini olish, kompleans nazorat tizimini takomillashtirish va ichki monitoring mexanizmlarini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratishdi.

Yig‘ilish davomida korrupsiya xavflari va ularning salbiy oqibatlari atroflicha tahlil qilindi. Xususan, ushbu xavflarni barvaqt aniqlash, oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlarni yanada samarali yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi va shaxsiy manfaatlarning ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish jarayoniga ta’sirini oldini olish masalasi ham markaziy mavzu sifatida ko‘rildi.

Yig‘ilishda murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, har bir murojaatni sinchkovlik bilan ko‘rib chiqish va fuqarolarga tezkor hamda sifatli xizmat ko‘rsatish vazifalari belgilandi. Bundan tashqari, xodimlarning xizmat va xizmatdan tashqari vaqtidagi xulq-atvori ham alohida muhokama qilindi. Poraxo‘rlik, tamagirlik va suiiste’molchilik kabi salbiy holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda xolislik va adolat tamoyillariga qat’iy amal qilish kerakligi aytib o‘tildi.

Shu bilan birga, shaxsga doir ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlash, nogironlikni tayinlash va nafaqa ajratish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish masalasi ham e’tibor markazida bo‘ldi. Yig‘ilish yakunida kompleans nazoratini mustahkamlash, korrupsiya xavflarini kamaytirish va aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri