Farg‘onada “yashil” ta’mirlash boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi "2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida energiya samaradorligini oshirish hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim chora-tadbirlar belgilangan.
Jumladan, ushbu qarorga muvofiq, “mahalla yettiligi” xulosasi asosida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 1-guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan oilalar xonadonlarida “yashil” ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Bunda mazkur toifadagi oilalar yashaydigan xonadonlarning devor va tom qismlarini izolyatsiya qilinib, energiya tejamkor deraza va eshiklar, shuningdek, quyosh panellari yoki geliokollektorlar o‘rnatiladi.

Farg‘ona viloyatida 263 ta xonadonda “yashil” ta’mirlash ishlarini olib borish rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun 14,34 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Ta’mirlanishi belgilangan xonadonlarning 215 tasi hovli uylari, 48 tasi esa ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar hisoblanadi.


Bahodir Tursunboyev Farg‘ona shahridagi Jo‘ydam mahallasida yashaydi, 1- guruh nogironligi mavjud. U yashab turgan uy-joy qurilganiga bir necha o‘n yil bo‘ldi, hozir anchayin ta’mirtalab holda: tomdan chakki, pol qismidan zax o‘tadi, devorlari esa nurashni boshlagan. Tabiiyki, uy egasining nogironlik nafaqasi kuz-qish mavsumida uyni isitishga arang yetadi. Mana endi, davlatimiz rahbarining qarori Bahodirning uyini energo tejamkor, ko‘nglini esa hotirjam qiladi.


– Prezident qaroridan o‘ksik ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi, – deydi Bahodir Tursunboyev. – Uyimga kelgan ijtimoiy himoya sohasi mutaxassislari hamma kamchiliklarni qog‘ozga tushirdilar. Keyin zarur qurilish materiallarini olib kelishdi va ta’mirlash boshlandi. Uyimiz tomi yangilandi. Endi xonalar shifti va eshik-derazalarni almashtirishyapti. Inson qadrini e’zozlagan davlatimizga rahmat!
Muhammadjon Obidov, O‘zA