Farg‘ona tibbiy xizmat markaziga aylanmoqda (+video)
Tibbiyotda xususiy sektorning salmog‘i oshib borayotir. Chunki davlat ularni qo‘llab-quvvatlab qo‘shimcha sharoitlar yaratib bermoqda.
Farg‘ona viloyatida ham sog‘liqni saqlash sohasini tubdan isloh qilish hamda aholi salomatligini mustahkamlashda xususiy sektorning o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 87 ta yangi diagnostika va davolash muassasasi tashkil etilib, viloyat ushbu yo‘nalishda respublikada yetakchi hududlardan biriga aylandi.

Mana endi Farg‘ona shahrida janubiy koreyalik investorlar bilan hamkorlikda “Euro Med Family” MCHJ tomonidan barpo etilgan, zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan yangi tibbiyot markazi foydalanishga topshirildi.

Tantanali tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini izchil rivojlantirish, aholiga zamonaviy va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidladi.

Farg‘ona viloyati bugungi kunda nafaqat mahalliy aholiga, balki qo‘shni respublikalardan kelayotgan minglab bemorlarga ham yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatayotgan, tibbiy turizm rivojlanayotgan hudud bo‘lib qoldi.

“Euro Med Family” MCHJ tomonidan barpo etilgan mazkur tibbiyot markazi ham aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan muhim va ezgu tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Qiymati 5 million dollarni tashkil etuvchi ushbu markaz ilg‘or tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, bu yerda barcha qulay shart-sharoit yaratilgan va yuqori malakali mutaxassislar faoliyat olib boradi.

Eng muhimi, aholiga sifatli va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha qulaylik mavjud bo‘lib, 200 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Markazda travmatologiya, ginekologiya, LOR, ortopediya, neyroxirurgiya, reanimatsiya kabi bo‘limlar hamda zamonaviy diagnostika xizmati yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbirda koreyalik hamkor Jay Yong Nam va tadbirkor Ziyodullo Omonov so‘zga chiqib, mamlakatimizda tadbirkorlar va investorlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, qo‘llab-quvvatlash va amaliy ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi.
– Markaz nafaqat viloyat aholisi, balki qo‘shni davlatlardan keluvchi bemorlar uchun ham sifatli xizmat ko‘rsatuvchi nufuzli tibbiyot muassasalaridan biri bo‘lib qoladi, – dedi Jay Yong Nam.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/sM9MUpWZ2as" title="Farg‘ona tibbiy xizmat markaziga aylanmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat), O‘zA