“Yashil makon” umummilliy loyihasi — amalda
Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mamlakatimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Mazkur loyiha ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda aholi uchun sog‘lom va qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.
Ushbu tashabbus doirasida “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatida ham tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, korxona hududida Yoshlar bog‘i tashkil etilib, unda 35 yoshgacha bo‘lgan kombinat yoshlari faol ishtirok etdi. Amalga oshirilgan tadbirlar davomida 300 tup daraxt ko‘chatlari ekildi. Shu bilan birga, yaqin istiqbolda qo‘shimcha ravishda 50 ming tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan bo‘lib, mazkur ishlar bosqichma-bosqich davom ettiriladi.

Muhimi, ekish uchun tanlanayotgan ko‘chatlar hududning iqlim sharoiti, tuproq tarkibi hamda ekologik xususiyatlari asosida puxta saralanmoqda. Bu esa yashil maydonlar hajmini kengaytirish bilan birga, hududda ekologik muvozanatni saqlash, havoning tozaligini oshirish va ishlab chiqarish jarayonlari bilan uyg‘un muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Tadbir doirasida “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi – bosh direktor Bahodir Abdullayev yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Suhbat davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar berib, ularga batafsil javob oldi. Mazkur muloqot yoshlar bilan ishlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va korxona rivojida faol ishtirokini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, “O‘zmetkombinat” AJda ekologik mas’uliyat ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan bo‘lib, ko‘kalamzorlashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Har bir ekilgan nihol hududda toza muhit yaratish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, barqaror rivojlanishning mustahkam poydevorini shakllantiradi.

Mazkur sa’y-harakatlar “Yashil makon” umummilliy loyihasining ezgu maqsadlarini amalda ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
A. Musayev, O‘zA