Harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minotiga oid qonun ishlab chiqildi (+video)
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ularda bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi.
Jumladan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “Harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarining davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi va maxsus tuzilmalar xodimlari, shuningdek, ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi harbiy xizmatchilar, shuningdek, ularning oila a’zolarini pensiya bilan ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
— Qonun loyihasida harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarini davlat pensiyalari bilan ta’minlashning huquqiy asoslarini qonun bilan belgilash, pensiya tayinlash shartlari, turlari, miqdorlari va tartibini aniqlashtirish nazarda tutilmoqda, — deydi fraksiya a’zosi Qizilgul Qosimova. — Shu paytga qadar harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minotiga oid masalalar turli qonunosti hujjatlari, vazirlik va idoralarning qarorlari bilan tartibga solinib kelinayotgan edi. Endilikda esa yaxlit qonunga birlashtirilmoqda. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi harbiy xizmatchilar (xodimlar) va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish samaradorligini oshirish, pensiya ta’minoti sohasidagi munosabatlarni aniq tartibga solish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotida barqaror va yagona mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qiladi. Fraksiyamiz a’zolari loyihada ko‘zda tutilayotgan normalar partiya Saylovoldi dasturi bilan hamohang ekaniga e’tibor qaratdi.
Yig‘ilishda fraksiya a’zolari qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Uning qabul qilinishi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish, pensiya ta’minoti sohasidagi munosabatlarni tartibga solishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Loyiha deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/yNQBlJ-iOyI" title="Harbiy xizmatchilarning pensiya ta’minotiga oid qonun ishlab chiqildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova,
Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA muxbirlari