Energiya tejamkorlik va innovatsiyalar – hosildorlikning kafolati
Ayni paytda qishloq xo‘jaligida ish qizg‘in pallaga kirgan. Ayniqsa, bahorgi dala yumushlari uyushqoqlik bilan olib borilyapti. Albatta, qishloq xo‘jaligida barqaror rivojlanish, bu jarayonda agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, avvalo, suv resurslaridan oqilona foydalanishga bog‘liq. Bunda Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar alohida ahamiyatga ega.
Bugungi kunda 474 nafar mutaxassis mehnat qilayotgan boshqarma 38 ta nasos stansiyasi va 473 ta tik quduq orqali hudud qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlab kelmoqda. 172 ta nasos agregatining umumiy quvvati 147,2 m³/sekundni tashkil etadi.
– 2025-yil davomida fermer va tomorqa yer egalariga qariyb 667,9 million kub metr suv yetkazib berildi, – deydi boshqarma boshlig‘i Akmal Hamidov. – Shu bilan birga, elektr energiyasi sarfining belgilangan limitdan ancha kam – 92,619 million kVt·soat darajasida bo‘lishi esa resurslardan samarali foydalanish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Yil davomida amalga oshirilgan texnik yangilanishlar bu samaradorlikning asosiy omillaridan biri bo‘ldi. Zamonaviy energiya tejamkor nasos va elektrodvigatellar o‘rnatilishi, chastota o‘zgartiruvchilar va kondensator qurilmalarining joriy etilishi nafaqat energiya sarfini kamaytirdi, balki uskunalar ishonchliligini ham oshirdi.
Ayniqsa, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga e’tibor kuchaygani diqqatga sazovor. Quyosh panellari o‘rnatilishi natijasida 1,232 million kVt·soat elektr energiyasi tejaldi. Shu bilan birga, eskirgan tik quduqlarning yangilanishi, suv tanqis hududlarga dizel nasoslar yetkazib berilishi kabi chora-tadbirlar joylardagi muammolarni tizimli hal etishga xizmat qildi.
Karmana tumanining qariyb 60 foiz yer maydoniga suv yetkazib beruvchi “Kasaba” nasos stansiyasi ham boshqarma tasarrufidagi yirik inshootlardan biri hisoblanadi.
Nasos stansiyasi 2017-yilda to‘liq qayta rekonstruksiya qilingan bo‘lib, 7 ta agregatdan iborat.
Bugungi kunda mazkur nasos stansiyasi 63 ta fermer xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatib, umumiy maydon 6500 gektarni tashkil etadi.
Ushbu yer maydonining 2045 gektari paxta, 1807 gektari boshoqli don hamda 2648 gektari esa boshqa ekinlar hisobiga to‘g‘ri keladi.
E’tiborli tomoni, mazkur nasos stansiyasi orqali “Chap qirg‘oq” kanalidan suv olinib, 48,5 metr balandlikka ko‘tarib beriladi.
[gallery-28610]
– Ayni paytda stansiyamizda 14 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda, – deydi “Kasaba” nasos stansiyasi boshlig‘i Furqat Rahmonov. – Barcha agregatlari ishlaganda suv chiqarish qobiliyati sekundiga 11,2 kub metrni tashkil etadi. Bitta agregat esa 1 sekundda 1,9 kub metr suv chiqaradi. Stansiyamizga 150 kilovatt elektr energiya ishlab chiqaruvchi quyosh panellari o‘rnatilgan. Elektr energiyasi sarfi bo‘yicha limitimiz yiliga 18 million 350 kVt soatni tashkil etadi. Tahlillarimizga ko‘ra, 2025-yilda 1 million kVt soat elektr energiya iqtisod qilindi.
Hozirgi kunda stansiya hududida asalarichilik, parrandachilik, baliqchilik, dehqonchilik va bog‘dorchilik kabi yordamchi xo‘jaliklar tashkil qilingan. Bu yerda yetishtirilgan mahsulotlar ishchi-xodimlarning ehtiyojlari uchun sarflanadi.
Xullas, zamonaviy yondashuv, energiya tejamkor texnologiyalar va tizimli islohotlar orqali nafaqat resurslar tejalmoqda, balki qishloq xo‘jaligida hosildorlik samaradorligi ham sezilarli darajada oshmoqda.
A. Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari