Energetika vaziri: tadbirkorlar o‘z huquqlarini talab qilishga haqli
Elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotida tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish, ularning murojaatlarini eshitish va amaliy choralar ko‘rish maqsadida Energetika vazirligi tomonidan hududlarda ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, ana shunday navbatdagi uchrashuv Yangiyo‘l tumanida bo‘lib o‘tdi. Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev va tuman hokimi San’atbek Jumaniyozov ishtirok etgan muloqotda 27 nafar tadbirkor qatnashdi.
Uchrashuvda tadbirkorlar elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti, tarmoqlardagi uzilishlar, elektr quvvati va gaz bosimi bilan bog‘liq masalalar, tarmoqlarga ulanish uchun texnik shartlarni olish, energiya resurslari bo‘yicha qarzdorlik hamda boshqa muammolar yuzasidan murojaat qildi.
Murojaatlarning bir qismi joyidayoq ko‘rib chiqilib, ular bo‘yicha tegishli yechimlar belgilandi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan masalalar mas’ullar nazoratiga olinib, ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Muloqotda elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari bo‘yicha qo‘llanilgan moliyaviy sanksiyalarni bekor qilish yoki kamaytirish Energetika vazirligi vakolatiga kirmasligi, bunday masalalar sud tartibida ko‘rib chiqilishi mumkinligi tushuntirildi.
Shuningdek, elektr va gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron tarzda rasmiylashtirilishi, masalalarni norasmiy yo‘llar bilan hal qilishga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev tadbirkorlar qonun doirasida o‘z haq-huquqlarini talab qilishga haqli ekanini qayd etdi.
– Hamma hujjatingiz to‘g‘ri bo‘lsa, hech kimdan iltimos qilishingiz shart emas. Elektr tarmoqlaridan talab qiling. Bunga to‘liq haqqingiz bor, – dedi u.
Eslatib o‘tamiz, Energetika vazirligi tomonidan bunday ochiq muloqotlar davom ettirilmoqda. Ayni paytda Yangiyo‘l tumani bilan bir qatorda yana 14 ta tumanda tadbirkorlarning murojaatlarini o‘rganish va muammolarini hal etish bo‘yicha shtablar faoliyat yuritmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA