Qizil-Rovot suv tozalash inshootida aholi uchun sifatli ichimlik suvi tayyorlanmoqda
FOTOREPORTAJ
“Namangan suv ta’minoti” AJ tasarrufidagi Qizil-Rovot suv tozalash inshooti 1997-yildan buyon Uychi, Chortoq tumanlari hamda Namangan shahrining Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlab kelmoqda.
Inshootda Katta Namangan kanalidan olinadigan suv 10 bosqichli texnologik jarayon orqali tozalanadi. Jumladan, suv birlamchi va ikkilamchi tindirgichlar, filtrlash tizimlari hamda qum qatlamlari orqali qayta ishlanadi. So‘ng zamonaviy texnologiyalar asosida suyuq xlor va natriy gipoxlorit yordamida zararsizlantiriladi.
Tozalangan ichimlik suvi har biri 2,5 ming kub metr sig‘imga ega ikkita rezervuarda jamlanib, energiya tejamkor nasos agregatlari orqali diametri 1200 millimetrli magistral quvurlar orqali iste’molchilarga yetkazib beriladi.
[gallery-30658]
Ayni paytda inshootda sutkasiga o‘rtacha 125–130 ming kub metr sifatli ichimlik suvi tayyorlanmoqda. Bu jarayon uchun kuniga qariyb 40 ming kilovatt-soat elektr energiyasi sarflanadi.
Inshoot xodimlari tun-u kun navbatchilik asosida faoliyat yuritib, minglab xonadonlarni uzluksiz va xavfsiz ichimlik suvi bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA