Inson qadri ulug‘lanmoqda
Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va mahallalarda manzilli yordam tizimini yanada takomillashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Shu maqsadda har bir fuqaroning hayot sifati, imkoniyatlari va jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mahallalarda ijtimoiy xizmatlarning samaradorligi ortib, ehtiyojmand oilalar va alohida qo‘llab-quvvatlashga muhtoj shaxslar bilan tizimli ishlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda.
Buxoro tumanining Rabotiqalmoq mahallasida inson qadrini yuksaltirish, ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash va har bir fuqaroning jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bugun o‘zining amaliy natijasini ko‘rsatmoqda. Mahallada amalga oshirilayotgan manzilli ijtimoiy xizmatlar nafaqat muammolarni hal etishga, balki insonlarning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishga ham xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Rabotiqalmoq mahallasida bugungi kunda 9 ming 470 nafar aholi istiqomat qiladi. Ular orasida 214 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar, 27 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda 3 nafar yolg‘iz keksalar bor. Ushbu toifadagi fuqarolarning holidan xabar olish, ularning ehtiyojlarini doimiy o‘rganib borish va zarur yordamni o‘z vaqtida ko‘rsatish mahalladagi ijtimoiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Bu borada mahalla ijtimoiy xodimi Zarina Temirovaning fidokorona mehnati alohida e’tirofga loyiq. U har bir xonadonga kirib, odamlarning dardini tinglab, muammolarga yechim topish, davlat va jamoat tashkilotlari imkoniyatlarini aholi manfaatiga yo‘naltirishda faol ishtirok etmoqda. Aynan shunday yondashuv tufayli ko‘plab oilalar hayotida ijobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda.
Bunga bolalikdan nogironligi bo‘lgan Muslimabegim Botirxonova hayoti misol bo‘la oladi Ilgari ko‘proq uy sharoiti bilan cheklangan qizaloq bugun mutlaqo yangi hayot sari dadil qadam tashlamoqda. Uning ehtiyojlari atroflicha o‘rganilib, individual ijtimoiy xizmatlar rejasi ishlab chiqildi.
Avvalo, Muslimabegim zamonaviy elektron nogironlik aravachasi bilan ta’minlandi. Bu oddiy texnik vosita emas, balki uning erkin harakatlanishi, mustaqil qaror qabul qilishi va atrofdagilar bilan faol muloqot qilishi uchun ochilgan yangi imkoniyat eshigi bo‘ldi. Endi u mahalla hayotida, ta’lim jarayonida va turli tadbirlarda faol ishtirok etish imkoniyatiga ega.
Ijtimoiy xizmatlar faqat moddiy yordam bilan cheklanib qolmadi. Muslimabegimning qiziqish va qobiliyatlarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. U adaptiv sportning para stol tennisi yo‘nalishiga jalb etildi. Hozirda u muntazam mashg‘ulotlar orqali o‘z mahoratini oshirib, sport orqali nafaqat jismoniy, balki ruhiy jihatdan ham toblanmoqda. Murabbiylarining ta’kidlashicha, uning intilishi va matonati ko‘pchilikka o‘rnak bo‘la oladi.
Qizaloqning yana bir iqtidori — rasm chizishga bo‘lgan mehri ham e’tibordan chetda qolmadi. Uning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish uchun zarur jihozlar va qulay sharoitlar yaratildi. Muslimabegim chizgan rang-barang suratlarda hayotga muhabbat, orzu va ishonch aks etadi. Bu esa uning ichki dunyosi qanchalik boy va musaffo ekanini ko‘rsatadi.
Eng muhim yangiliklardan biri — uning uyda ta’lim shaklidan inklyuziv ta’limga o‘tkazilgani bo‘ldi. Endi Muslimabegim tengdoshlari bilan bir sinfda ta’lim olmoqda, do‘stlar orttirmoqda, jamoada o‘z o‘rnini topmoqda. Inklyuziv muhit unga bilim olish bilan birga ijtimoiylashuv, muloqot qilish va kelajakka ishonch bilan qarash imkonini berdi.
Bolaga ko‘rsatilayotgan e’tibor uning oilasini ham qamrab oldi. Onasi Zamira Qilichovaga psixologik xizmatlar tashkil etildi. Mutaxassislar tomonidan berilgan tavsiya va maslahatlar oilaning ruhiy barqarorligini mustahkamlash, farzand tarbiyasida uchraydigan qiyinchiliklarni yengish va kelajakka umid bilan qarashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun Muslimabegim sport bilan shug‘ullanadigan, rasm chizadigan, tengdoshlari bilan birga bilim oladigan va orzulari sari intilayotgan faol o‘quvchilardan biri. Uning hayotidagi bu o‘zgarishlar bir haqiqatni yana bir bor isbotlaydi: insonga mehr, e’tibor va ishonch berilsa, u o‘z imkoniyatlarini albatta namoyon etadi.
Rabotiqalmoq mahallasi tajribasi — ijtimoiy xizmatlarning quruq hisoboti yoki rasmiy tadbir emas, balki inson taqdiriga daxldor ezgu faoliyat ekanining yorqin namunasidir. Bu yerda har bir murojaat ortida tirik inson, uning dardi, orzusi va kelajagi turgani chuqur his etiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri