Ellikqal’ada “Yosh Vatandoshlar forumi” o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida “Yosh Vatandoshlar forumi” bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Ellikqal’a pedagogika fakultetida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf byusti poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Shundan so‘ng ishtirokchilar shoir muzeyi bilan tanishdilar.
Forumning keyingi manzili “Aqcha ko‘l” turizm markazi bo‘ldi. Bu yerda sport o‘yinlari, bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilari hamda maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining chiqishlari namoyish etildi. Shuningdek, “Yosh vatandoshlar bog‘i” barpo etilib, tadbir ishtirokchilari tomonidan manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Forum doirasida hunarmandchilik mahsulotlari, kitoblar va mahalliy ishlab chiqarish korxonalari ko‘rgazmalari tashkil etildi.

Tadbirning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari R.Nurazizov, “Vatandoshlar” jamoat fondi boshqaruvi raisi O.Sattorov va boshqalar so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni muhim anjuman bilan qutladi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Shu qatorda, bugun dunyo bo‘yicha turli sohalarda bilim olib, ishlab, yuqori natijalarga erishayotgan yoshlar soni ortib bormoqda. Tashkil etilgan forum ham ana shunday yurtdoshlarimizning yuksak natijalarini ko‘pchilikka namoyish etib, ularning bilim va tajribasini mamlakatimiz ravnaqiga yo‘naltiradigan muhim muhitlardan biri bo‘ldi.
Forum doirasida Amir Temur va Muhammad Yusuf tavalludi munosabati bilan o‘tkazilgan ijodiy ishlar tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi va boshqa qator tadbirlar o‘tkazildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.