Ekologik ta’lim va madaniyat yangi bosqich sari
Sharh

Shu yil 25-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Eko-madaniyat” umumxalq loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorda belgilangan vazifalar mamlakatimizda ekologik madaniyatni oshirish, yosh avlodni tabiatga hurmat ruhida tarbiyalash hamda sohada ta’lim va ilmiy salohiyatni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qarorda belgilangan maqsad va vazifalar xususida O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Gulchehra Tojiboyeva O‘zA muxbiriga batafsil sharhlab berdi:
— Mamlakatimizda ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim hujjat — “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida qabul qilingan Prezident qarori bugungi kunda sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Mazkur qarorning asosiy maqsadi — jamiyatda ekologik madaniyatni yuksaltirish, barqaror rivojlanish tamoyillarini keng joriy etish hamda bu yo‘nalishda malakali kadrlar tayyorlash tizimini mustahkamlashdan iborat.
Jumladan, qarorga muvofiq, 2026-2027-yillar davomida respublikaning har bir hududida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlaydigan 14 ta “yashil” texnikum faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 2030-yilga qadar esa mazkur texnikumlarda 10 ming nafardan ortiq malakali kadrlar tayyorlash rejalashtirilgan. Bu esa ekologik sohadagi kadrlar ehtiyojini ta’minlashda muhim omil bo‘ladi.
Yangi tashkil etiladigan “yashil” texnikumlar hududlarning ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda faoliyat yuritadi. Ular zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etilib, moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi hamda ta’lim sifati oshiriladi. Shu maqsadda mazkur texnikumlar Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetiga biriktiriladi.
Qarorda ta’lim tizimida uzviylikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, “yashil” texnikumlarda o‘quv jarayoni universitet tomonidan ishlab chiqiladigan dasturlar asosida tashkil etiladi, majburiy va tanlov fanlari belgilanadi. Shuningdek, universitetning birinchi bosqichida o‘qitiladigan ayrim mutaxassislik fanlari texnikumlarning o‘quv dasturlariga kiritiladi.
E’tiborli jihatlardan yana biri — iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining joriy etilishi. Xususan, “yashil” texnikumlarda Ekostipendiya ta’sis etilib, har yili eng faol va bilimli o‘quvchilarga munosib rag‘bat beriladi. Bu esa yoshlarning ta’limga bo‘lgan qiziqishini oshirish va ularni yangi yutuqlarga undashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, ingliz tilidan V2 darajaga ega bo‘lgan va yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan bitiruvchilar uchun bakalavriatning ikkinchi bosqichidan o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratilishi ta’lim tizimidagi uzviylikni yanada mustahkamlaydi.
Qaror doirasida ekologik madaniyatni ommalashtirishga qaratilgan qator tashabbuslar ham nazarda tutilgan. Jumladan, oliy ta’lim muassasalarida “yashil kampus” loyihalari amalga oshiriladi, 2026-yil 1-maydan “10 ming qadam piyoda” tashabbusi qayta tiklanadi va “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi ishga tushiriladi.
Yoshlarning ekologik faolligini rag‘batlantirish maqsadida “Yosh ekolog” ko‘krak nishoni ta’sis etilishi ham muhim ahamiyatga ega. Uning turli darajalarda joriy qilinishi maktab o‘quvchilaridan tortib, talaba-yoshlar va xalqaro miqyosda yutuqlarga erishgan faol yoshlarni qamrab oladi.
Shuningdek, 2026-2028-yillarda ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohasida ilmiy darajaga ega mutaxassislar sonini 150 nafarga yetkazish vazifasi belgilangani ilmiy salohiyatni oshirishga qaratilgan muhim qadamdir.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qaror ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni tizimli ravishda rivojlantirishga qaratilgan kompleks va uzviy yondashuvni namoyon etadi. U orqali ta’limning barcha bosqichlari — maktabdan tortib texnikum va oliy ta’limgacha bo‘lgan jarayonlar o‘zaro bog‘liq holda shakllantirilib, yagona samarali tizimga aylantirilmoqda. Bu esa nafaqat malakali kadrlar tayyorlash, balki ularning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash va mehnat bozori talablariga moslashtirish imkonini beradi. Yoshlarda atrof-muhitga nisbatan daxldorlik hissini kuchaytiradi. Shuningdek, kelgusida ekologiya va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqish imkoniyatini kengaytiradi. Bu esa nafaqat milliy, balki mintaqaviy va global miqyosda ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA