Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Qisqa, aniq va ishonchli axborot – global dunyoda tezkor xabardorlik garovi. O‘zA jahonda sodir bo‘layotgan eng muhim voqealarni qisqa satrlarda taqdim etadi.
Karni: AQSHga bog‘liqlik Kanada uchun “zaiflikka aylandi”

Kanada bosh vaziri Mark Karni mamlakatning AQSH bilan yaqin iqtisodiy aloqalari endilikda ustunlik emas, balki “tuzatilishi kerak bo‘lgan zaiflik” ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyodagi geosiyosiy o‘zgarishlar va Vashingtonning savdo siyosatidagi keskin burilish Kanada iqtisodiyotiga bosim o‘tkazmoqda.
Karni hukumat yangi investitsiyalarni jalb qilish, savdo hamkorlarini diversifikatsiya qilish va ichki iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishga e’tibor qaratishini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Kanada o‘z kelajagini faqat bitta sherikka bog‘lab qo‘ymasligi kerak va tashqi bosimlarga chidamli iqtisodiyot qurish zarur. Shu bilan birga, mudofaa xarajatlarini oshirish va ichki bozordagi to‘siqlarni kamaytirish rejalari ham ilgari surildi.
Hurmuzda keskinlik: AQSH kemani qo‘lga oldi, Eron javob bilan tahdid qilmoqda

Qo‘shma Shtatlar harbiy-dengiz kuchlari Hurmuz bo‘g‘ozi yaqinida Eron bayrog‘i ostidagi yuk kemasini to‘xtatib, nazoratga oldi. Vashington bu harakatni blokadani buzishga urinish sifatida izohlagan bo‘lsa, Tehron uni “qaroqchilik” deb baholab, tezkor javob qaytarishini bildirdi. Hodisa sulh taqdiriga jiddiy xavf tug‘dirib, muzokaralar arafasida vaziyatni yanada keskinlashtirdi.
Ayni paytda bu voqea jahon energiya bozorlariga ham ta’sir qildi: neft narxlari yana ko‘tarilib, global iqtisodiy bosim kuchaydi. Hurmuz bo‘g‘ozi orqali dunyo neft savdosining katta qismi amalga oshirilishi sababli har qanday to‘siq butun bozorga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, AQSH delegatsiyasi Pokistonda yangi muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rayotgani aytilmoqda.
Ekspertlar fikricha, agar tomonlar murosaga kelmasa, nafaqat mintaqadagi xavfsizlik, balki jahon iqtisodiyoti uchun ham jiddiy oqibatlar yuzaga kelishi mumkin.
Kiyevda otishma: ikki politsiya xodimi lavozimidan chetlatildi
Kiyevdagi supermarketda sodir bo‘lgan qonli hujumdan keyin ikki politsiya xodimi o‘z xizmat vazifasini bajarmagani uchun vaqtincha lavozimidan chetlatildi. Internetda tarqalgan videolarda ularning voqea joyidan qochib ketayotgani aks etgan. Hodisa oqibatida olti kishi halok bo‘lgan, bir necha inson jarohat olgan. Mamlakat ichki ishlar vaziri Igor Klimenko bu holatni “sharmandali” deb baholab, rasmiy tergov boshlanganini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, hujumchi qurolli shaxs bo‘lib, supermarketda odamlarni garovga olgan va keyinchalik maxsus operatsiya vaqtida yo‘q qilingan. Rasmiylar uning ruhiy holati beqaror bo‘lganini aytmoqda. Bu noxush voqea ortidan patrul politsiyasi rahbari ham iste’foga chiqdi.
Mazkur holat Ukrainada xavfsizlik tizimi samaradorligi bo‘yicha keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Rasmiylarning qayd etishicha, ikki xodimning xatti-harakatlari butun tizimga nisbatan umumlashtirilmasligi kerak, ammo javobgarlik muqarrar bo‘ladi.
Ispaniya YeIni Isroil bilan kelishuvni bekor qilishga chaqirmoqda

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Yevropa Ittifoqini Isroil bilan Assotsiatsiya kelishuvini 48 soat ichida bekor qilishga chaqirdi. U bu bayonotni saylovoldi tadbirida bildirib, Ispaniya bu tashabbusni rasman Bryusselga olib chiqishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Ispaniya Isroil xalqiga qarshi emas, ammo uning hukumati harakatlari Yevropa qadriyatlari va xalqaro huquq tamoyillariga zid deb hisoblanmoqda.
Bu chaqiriq so‘nggi oylarda kuchayib borayotgan diplomatik qarama-qarshilikning davomi sifatida baholanmoqda. Ayrim Yevropa davlatlari bu pozitsiyani qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, boshqalari qarshi chiqmoqda, shu bois qaror qabul qilish oson bo‘lmaydi. Shu bilan birga, YeI va Isroil o‘rtasidagi savdo hajmi katta ekani sababli bunday qaror iqtisodiy va siyosiy jihatdan jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Mutaxassislar fikricha, tashabbus siyosiy jihatdan kuchli signal bo‘lsa-da, ammo uni amalga oshirish uchun barcha a’zo davlatlar roziligi talab etiladi.
Rossiya - Ukraina nizosi: vaziyat keskinlashmoqda

Rossiya tomonidan Ukraina hududiga 230 dan ortiq dron bilan yirik hujum uyushtirildi. Chernigov viloyatidagi tungi zarba oqibatida 16 yoshli o‘smir halok bo‘ldi, yana to‘rt kishi jarohat oldi. Havo himoyasi tizimlari dronlarning katta qismini yo‘q qilgan bo‘lsa-da, bir qator ob’ektlarga jiddiy zarba berilgan. Shu bilan birga, Xerson va Poltava hududlarida ham hujumlar qayd etildi.
Javob chorasi sifatida Ukraina kuchlari RF va vaqtincha bosib olingan hududlardagi harbiy ob’ektlarga zarba berdi. Xususan, Rostov viloyatidagi dron ishlab chiqarish korxonasiga hujum qilinib, o‘q-dori omborlari va harbiy ta’minot nuqtalari nishonga olingan.
YeI va Vengriya: kelishuv sari qadam

Yevropa Ittifoqi va Vengriyada Peter Madyar boshchiligidagi yangi hukumat o‘rtasida muzokaralardan so‘ng muzlatilgan mablag‘larni bosqichma-bosqich ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bryussel yuqori darajali delegatsiyani Budapeshtga yuborib, 10 milliard yevrodan ortiq tiklanish jamg‘armasi mablag‘larini ajratish masalasini muhokama qildi. Bu — hali rasman hokimiyatga kelmagan siyosiy kuch bilan bunday darajadagi ilk muloqot sifatida tilga olinmoqda.
Asosiy muammo — vaqt. Agar avgust oxirigacha kelishuvga erishilmasa, Vengriya ushbu mablag‘lardan butunlay mahrum bo‘lishi mumkin. Shu sababli yangi hukumat korrupsiyaga qarshi kurash, sud mustaqilligini ta’minlash va OAV erkinligini kengaytirish kabi islohotlarni tezlashtirishga va’da bermoqda. YeI tomoni esa bu mablag‘lar qonun ustuvorligi va shaffoflik talablari bajarilgan taqdirda berilishini yana bir bor ma’lum qildi.
Pekinda gumanoid robotlar ham marafonda qatnashdi

Xitoy poytaxti Pekinda ilk bor gumanoid robotlar insonlar bilan birga yarim marafonda ishtirok etdi. 21,1 kilometrlik masofada o‘tgan ushbu musobaqa robototexnika sohasidagi muhim tajriba sifatida baholanmoqda. Tadbir poytaxtdagi “E-Town” texnologik hududida tashkil etilib, minglab tomoshabinlar robotlarning haqiqiy sharoitda qanday harakat qilishini kuzatishdi.
Musobaqada 20 ga yaqin robot ishtirok etgan bo‘lib, “Tiangong Ultra” nomli model 2 soat 40 daqiqa 42 soniya natija bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu kabi sinovlar robotlarni laboratoriyadan chiqarib, murakkab va o‘zgaruvchan muhitda ishlash qobiliyatini baholash imkonini beradi. Robotlar yugurish texnikasi, muvozanat va energiya tejamkorligini oshirish uchun professional sportchilar ma’lumotlari asosida o‘qitilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA