Venesueladagi siyosiy mavhumlik: Machado ijtimoiy beqarorlikdan ogohlantirdi
Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado yil oxirigacha vatanga qaytish niyatida ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakatda erkin va adolatli saylovlarni tezlashtirish muhim, aks holda jamiyatdagi keskinlik nazoratdan chiqishi mumkin.
Machadoning fikricha, hozirgi sharoitda o‘lkada turli norozilik kayfiyati kuchaygan. Shu sabab, u saylov tizimini yangilash va ovoz berish jarayonini adolatli tashkil etishni asosiy vazifa sifatida ko‘rmoqda.
Siyosiy vaziyat Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan keyin keskin o‘zgargan. Bu holat muxolifat tarafdorlari orasida hokimiyat o‘zgarishiga umidni kuchaytirdi, biroq AQSH tomonidan vaqtincha rahbar sifatida Delsi Rodriges tayinlangani yangi siyosiy bahslarga sabab bo‘lmoqda.
Machado ayni paytda xorijda faoliyat yuritmoqda va mamlakatdan tashqaridagi venesuelaliklar bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Uning fikricha, yurt kelajagi uchun tezkor siyosiy qarorlar qabul qilinishi shart. Aks holda, uzoqqa cho‘zilgan noaniqlik ijtimoiy beqarorlikni yanada kuchaytirishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA