Bolgariya saylovida rossiyaparast siyosiy alyans yetakchi (+video)
Bolgariyada parlament saylovida rossiyaparast sobiq prezident Rumen Radev boshchiligidagi alyans ishonchli ustunlik bilan oldinda bormoqda, deb xabar berdi DW nashri.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, byulletenlarning 87 foizi sanab chiqilgandan so‘ng Rumen Radev partiyasi taxminan 45 foiz ovoz to‘plab yetakchilik qilmoqda.
Ikkinchi o‘rin uchun boshqa partiyalar raqobatlashmoqda.
So‘nggi besh yil ichida bolgar saylovchilari sakkizinchi marta parlament uchun ovoz berdi. Bu vaqt mobaynida koalitsiyalar bir necha bor parchalanib, norozilik namoyishlari bosimi ostida iste’foga chiqqan.
Bolgariya YeIdagi eng kambag‘al davlatlardan biri bo‘lib, mutaxassislar fikricha, mamlakat korrupsiya va tanish-bilishchilikdan jiddiy aziyat chekmoqda. Saylovoldi kampaniyasi davomida saylovchilarni sotib olish holatlari aniqlangan. Politsiya bu holat bilan bog‘liq qariyb 1 million yevroni musodara qilganini ma’lum qildi.
Yanvar oyida prezidentlik lavozimini tark etgan Radev saylov kampaniyasida “oligarxlar”ga qarshi kurashish va sud-huquq tizimini isloh qilishni va’da berdi. Sobiq harbiy uchuvchi ayniqsa yoshlar orasida mashhur bo‘lib, ma’lumotlarga ko‘ra, 30 yoshgacha bo‘lgan har uchinchi saylovchi uning uchun ovoz bergan.
Shu bilan birga, mutaxassislar Radevning qarashlari Bolgariya tashqi siyosatiga qanday ta’sir qilishi hali noaniq, deyishmoqda. U avval Rossiyaga qarshi sanksiyalarga va Ukrainaga yordam berishga qarshi chiqqan. Biroq kuzatuvchilar Bolgariya iqtisodiyotining YeI mablag‘lariga bog‘liqligini hisobga olgan holda, u murakkab siyosiy muvozanatni saqlashga majbur bo‘lishini ta’kidlamoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/t_aDVa-V5lY" title="Bolgariya saylovida rossiyaparast siyosiy alyans yetakchi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov, O‘zA