Doira – uning bor boyligi!
Dunyoda cholg‘ular ko‘p. Lekin ular orasida doira sozi alohida o‘rin egallaydi. Doira o‘zbek milliy madaniyati va o‘zligining ajralmas timsolidir.
Doira milliy kuy va raqslar uchun asosiy ritmik asosni (usulni) ta’minlaydi. U ansambllarda sur’atni belgilab beruvchi yetakchi cholg‘udir. Mutaxassislar fikricha, bu cholg‘uning tarixi eramizdan avvalgi II asrga borib taqaladi. U asrlar davomida deyarli o‘zgarmasdan bizgacha yetib kelgan eng qadimiy zarbli-urma cholg‘ulardan biridir.
Xalq orasida doira zarblari inson yuragining urishini aks ettiradi, degan fikrlar ham yo‘q emas. Nima bo‘lganida ham, o‘zbekona doira ijrosi xushkayfiyat, yuraklarga huzur va quvvat, o‘ziga xos ijobiy energiya bag‘ishlashini har birimiz o‘zimizda his etganmiz. Chirmanda azal-azaldan to‘y-hashamlar, marosimlar va bayramlarning ajralmas qismi bo‘lib, jamiyatni birlashtiruvchi vosita vazifasini o‘taydi.
Doira ijrosi shunchaki “baka-bum” emas, bir olam san’atni, betakror nafosatni, go‘zal ohanglarni o‘zida mujassam etgan ummon yanglig‘ ilm ekanini ustazoda san’atkorlar Usta Olim Komilov, To‘ychi Inog‘omov, G‘afur Azimov, Qahramon Dadayev, Tal’at Sayfiddinov, shuningdek, Islomovlar sulolasi va boshqa ko‘plab darg‘a san’atkorlar faoliyati orqali anglash mumkin.
Biz yuqorida bejizga O‘zbekiston xalq artisti, ustoz san’atkor Tal’at Sayfiddinov nomini ustazoda ijrochilar qatorida sanamadik. Zero, Tal’at aka doira orqali elda obro‘ va e’tibor topgan, nainki o‘zbek musiqa san’ati, balki milliy raqs san’ati ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan, milliy ijro orqali dunyo xalqlari qalbini zabt etgan ustozdir.

Taqdirning o‘zi uning betakror ijod yo‘lini, iste’dodi ravnaqini belgilab bergan edi. U 1946-yilda go‘zal va hamisha navqiron Samarqandda tavallud topdi. Pedagoglar oilasida voyaga yetgan Tal’at aka bolalikdan childirma ijrochiligiga mehri va ishtiyoqi baland edi.
Tasodifmi yoki Yaratganning marhamati sabablimi pedagoglar oilasida tavallud topgan Tal’at Sayfiddinov o‘smirlik chog‘idayoq Mukarrama Turg‘unboyeva, Qahramon Dadayev singari ulug‘ san’atkorlar bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lgandi.
Mohir sozanda qo‘lida doira bilan mayin shamol shiviridan tortib, bahorgi momaqaldiroq guldurosigacha bo‘lgan keng ko‘lamli tovushlarni muxlislarga taqdim eta oladi. Negaki, doira ham jo‘r bo‘luvchi, ham yakkaxon (solo) ijro etiluvchi mukammal cholg‘udir. Bu jihatlar Tal’at Sayfiddinov ijrosida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Mukarrama opa yurtimizning turli viloyatlaridagi “yilt” etgan iste’dodni ko‘ra bilish qobiliyatiga ega edilar. Samarqandga gastrol safari bilan kelgan Mukarrama Turg‘unboyeva Tal’at Sayfiddinovdagi iste’dod ko‘lamini ko‘ra olgani sababli uni Toshkentga, “Bahor” ansamblida faoliyat ko‘rsatish uchun ishga taklif qiladi. Qisqa fursatda doira ustasiga aylangan san’atkor ko‘plab ijodiy tanlovlar, konsertlar, xalqaro musiqa festivallarida shuhrat qozonadi.
San’atga mehri va sadoqati tufayli Tal’at Sayfiddinov mashhur o‘zbek doirachisi, o‘z ishining haqiqiy ustasi, o‘zbek doira san’atini yangi bosqichga olib chiqqan va uni dunyoga tanitgan san’atkorlardan biriga aylandi.
Tal’at Sayfiddinovning ijro uslubi bir nechta o‘ziga xos jihatlari bilan tavsiflanadi. U doirada eng murakkab usullarni, zarblarning tiniqligini ta’minlash, yuqori tezlikda va aniq ijro etish qobiliyatiga ega.
San’atkorning ijrosida musiqiy dinamika – (tovushning kuchayishi va pasayishi) juda nozik ishlanadi, bu esa tinglovchida kuyning hissiyotli qabul qilinishini ta’minlaydi.
Ustoz san’atkor an’anaviy usullarga tayangan holda ijro jarayonida yangi va kutilmagan musiqiy bezaklarni mahorat bilan qo‘sha oladi. U ko‘p yillar davomida mashhur raqs ansambllari bilan ishlab, raqqosning har bir harakatini doira zarblari bilan ideal tarzda kuzatib borish mahoratini namoyish etgan.
U nafaqat O‘zbekistonda, balki sobiq ittifoq davrida va mustaqillik yillarida ham ko‘plab xorijiy mamlakatlarda o‘zbek milliy doira san’atini mahorat bilan namoyish etgan. Jahonning 110 dan ortiq davlatlarida ijodiy safar bilan bo‘lgani va o‘zbek milliy musiqasining shuhratini olamga yoygani ijodkorning milliy san’atimizga bo‘lgan cheksiz sadoqati, mehri, ustozlarga, xalqimizga, Vatanimizga bo‘lgan ardog‘idan,ehtiromidan darak beradi.
“Bahor” raqs ansamblini doira ijrochiligisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ushbu jamoaning milliy san’atimizning oltin fondidan joy olgan raqslari aynan doira ijrochiligi asosida shakllangan. Tal’at aka ustoz san’atkorlar bilan birgalikda bir qator milliy raqslarni doira ohanglari asosida xalqimizga taqdim etishga muvaffaq bo‘lgan.
Tal’at aka san’at yo‘nalishidagi professional ta’lim muassasalarida dars berib, ko‘plab mahoratli doirachilarni tarbiyalagan. Uning shogirdlari bugungi kunda yetakchi jamoalarda faoliyat yuritib, ustoz an’analarini davom ettirmoqda. Ustoz san’atkor o‘z yo‘nalishida maktab yarata olgan inson. Darg‘a ijodkor milliy san’atimizni dunyo bo‘ylab namoyish etdi, targ‘ib va tashviq qilishga, dunyo ahlida o‘zbek san’atiga mehr uyg‘otishda munosib hissa qo‘shdi. Doira ijrochiligi san’atiga oid ko‘plab qo‘llanmalar, darsliklar, o‘quv adabiyotlarini yaratdi.
- Mening zo‘r boyligim bor, – deydi O‘zbekiston xalq artisti, ustoz san’atkor Tal’at Sayfiddinov. – Bu – doira! Baxtim shundaki, hayotimda yaxshi ustozlar ko‘rdim. Ularga ergashdim, ular bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatdim. Nainki bir doirada, balki uch doirada ham ijrochilikni o‘zlashtirib, dunyo kezdim. Xalqning e’tibori va e’tirofini qozondim. Doirani hurmat qilmaganimda, u menga hurmat, izzat va obro‘ keltirmagan bo‘lardi.
Darhaqiqat, kamtarin, kamsuqum, zahmatkash, milliy san’atimizning fidoyisi, mehribon ustoz O‘zbekiston xalq artisti Tal’at Sayfiddinovning faoliyati bugun ko‘pchilik san’at yo‘lidagilar uchun chin ma’noda ibrat maktabidir.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri