Davlat boshqaruvida ochiqlik va samaradorlik
So‘ngi yillarda mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmati sohasini rivojlantirish, uning xalqaro darajaga olib chiqishda borasida ko‘plab salmoqli ishlar amalga oshirildi. “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi samaradorligi agentligi davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli organ sifatida belgilandi.
Agentlik faoliyatining bosh maqsadi – davlat organlari faoliyatiga natijaga asoslangan zamonaviy boshqaruv modellarini joriy etish orqali ijro intizomi va resurslardan foydalanish samaradorligini tubdan oshirishdir. Buning uchun davlat xizmatchilari faoliyatini “KPI” ko‘rsatkichlari asosida shaffof baholash, kadrlar salohiyatini doimiy rivojlantirish hamda davlat fuqarolik xizmatiga ochiq va adolatli tanlovlar tizimi orqali eng munosib mutaxassislarni jalb etishni ta’minlaydi.
Bu borada Namanganda Davlat boshqaruvi samaradorligi agentligi viloyat filiali tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida muayyan amaliy sa’y-harakatlar olib borildi.

Bugungi kunda 3 million 200 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan Namanganda faoliyat yuritayotgan 50 ta davlat organi va tashkiloti, shuningdek, viloyat va 14 ta shahar-tuman hokimliklarida 5,7 mingdan ziyod davlat fuqarolik xizmatchilari ishlaydi. Demak, o‘rtacha bir nafar davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan 561 nafar aholiga xizmat ko‘rsatishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Viloyatdagi davlat organi va tashkilotlarda hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarida jami 5 ming 714 nafar davlat xizmatchisi ishlab kelmoqda, shundan 4 ming 219 nafari erkak, 1 ming 495 nafari ayol xizmatchilardan iborat. Davlat xizmatchilarining yoshi bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak 60 yoshdan oshganlar 208, 51-60 yoshdagilar 825, 41-50 yoshdagilar 1 ming 304, 31-40 yoshdagilar 2 ming 295 va 16-30 yoshdagilar 1 ming 82 nafarni tashkil etadi. Shundan yoshlar ulushi 19 foizni tashkil etadi.
Shu yil yanvar-sentabr oylarida davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali (vacancy.gov.uz) orqali turli darajadagi 50 ta davlat tashkiloti, viloyat hokimligi va 14 ta shahar (tuman) hokimligining lavozimlari jami 983 ta vakantga 1 ming 711 marotaba tanlov o‘tkazildi. Ularda qatnashish maqsadida 37 ming 231 nafar nomzod ariza yuborgan bo‘lib, har bir lavozimga o‘rtacha 23 nafar nomzod to‘g‘ri keladi. Shundan 25 ming 123 nafar nomzod malaka talablariga mos kelgan. 11 ming 741 nafar nomzod agentlikning viloyat filiali assesment markazida tanlovning test bosqichida ishtirok etdi. Tanlovning suhbat bosqichida 6 ming 532 nafar nomzod qatnashib, shundan 927 nafari tanlov g‘olibi bo‘ldi. Qolgan 56 lavozimga tanlov jarayoni davom etmoqda.

– Agentligimiz hamda Namangan viloyati hokimligi tomonidan salohiyatli kadrlar zaxirasini kengaytirish maqsadida viloyatimizdan 86 nomzod Milliy kadrlar zaxirasi, 278 nafari esa istiqbolli kadrlar zaxirasiga hamda 118 nafari salohiyatli kadrlar zaxirasiga saralandi, – deydi Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi samaradorligi agentligi Namangan filiali direktori Shuhrat To‘xtaboyev. – Nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida malaka oshirish kurslari va xorijiy stajirovkalarda ishtiroki ta’minlandi. Namangan viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekistonning istiqbolli kadrlari TOP-100” tanlovi yakunlariga ko‘ra, 1 ming 200 dan ziyod nomzodlar orasida 100 nafar g‘olib nomzod “TOP-100” ro‘yxatidan joy oldi. Tanlov ishtirokchilarining uch nafari tanlovda oliy o‘rinni oldi, 12 nafari nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib, deb topildi.
Qolaversa, iqtidorli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga jalb qilish maqsadida “Men tanlagan kasb” yoshlar sayli tashkil etildi. Unda 50 dan ortiq davlat organlari va tashkilotlari, 30 ga yaqin xususiy sektor tashkilotlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar o‘z ko‘rgazmali burchaklarini tashkil etishdi. Tadbirda viloyatdagi 5 mingga yaqin yoshlar qamrab olindi.

Natijaga asoslangan boshqaruv amaliyotga joriy etish maqsdadida Norin va Kosonsoy tumanlarida tajriba-sinov tariqasida “vazifa – funksiya – resurs – javobgarlik” tamoyiliga asoslangan natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv modeli ishlab chiqilib, mazkur hududlar rahbarlari faoliyatini baholash uchun 5 ta strategik maqsad va 12 ta maqsadli indikator asosida baholash ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Mahalliy hokimliklardagi jami 367 nafar mas’ul rahbar xodim uchun “KPI” joriy etilib, uning monitoringi samaradorlik.uz platformasi orqali tashkil etildi.
Viloyatdagi sakkizta shahar, tuman hokimligi, 20 ga yaqin vazirlik idoralarning boshqarmalarida boshqaruv samaradorligi o‘rganilib, natijaga asoslangan boshqaruv modelini joriy etish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish va aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida 100 dan ortiq amaliy takliflar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilmoqda. Jumladan, mahalla profilaktika inspetkorlari faoliyatini samarali tashkil etish, ularni hududda jinoyatlarni oldini olishga qaratilgan proaktiv ishlash tizimiga o‘tkazish, mahalla yettiligi faoliyatini samarali tashkil etish borasida chuqur o‘rganishlar olib borildi va amaliy takliflar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.

Hududiy boshqaruv va kadrlar salohiyati agentlik faoliyatida alohida ustuvor ahamiyatdagi masalalardan biridir. Shu ma’noda, Prezidentimizning tegishli farmonlari asosida “Yangi O‘zbekiston” maqomi berilgan hududlarda mahalliy ijro hokimiyati tuzilmalari va vakolatlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi.
Namangan viloyatida 2026–2028-yillarda amalga oshiriladigan yirik investitsiya loyihalar doirasida malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj tahlil qilindi. Xususan, 2026-yilda 17 ta, 2027-yilda 16 ta va 2028-yilda 21 ta yirik investitsion loyiha ishga tushirish rejalashtirilgan. Bularni amalga oshirish uchun 2026-yilda 7 ming 100 nafar, 2027-yilda 6 ming 300 nafar va 2028-yilda 5 ming 100 nafar malakali kadrga ehtiyoj mavjud.

Islohotlar shtabi doirasida mamlakatimiz rahbarining shu yil 11-iyundagi “2026-yilda Namangan viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 13 shahar va tumanni rivojlantirish doirasida jami yetti soha yo‘nalishida 88 ta dolzarb masala ko‘tarilgan. Shularni hal etish uchun respublika byudjetining joriy yildagi qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan jami 180 milliard so‘m mablag‘ ajratish belilangan. Shuningdek, xalqaro moliya institutlari mexanizmlari asosida viloyat uchun 100 million AQSH miqdorida moliyaviy resurslar jalb qilish loyihasini ishlab chiqish belgilangan.
Qolaversa, shtab tomonidan 13 yo‘nalishda chuqur o‘rganish va tahlillar o‘tkazilib, muammolarni bartaraf etish yuzasidan 125 ta amaliy taklif ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, shtab va viloyat hokimligi hamkorlikda viloyatdagi shahar va tumanlarning 5 yillik rivojlanish ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, sun’iy intellekt texnologiyalari asosida iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan rivojlanish holatlari atroflicha tahlil qilindi. Hududlarning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, yangi imkoniyatlaridan foydalanishning kelgusi uch yillik rivojlanish dasturlari ishlab chiqildi.

Shtab va hokimlik hamkorligida 50 dan ortiq ishlab chiqarish va sanoat, 30 dan ortiq turizm hamda 10 dan ortiq ijtimoiy sohada yirik investitsion loyihalar ishlab chiqilib amaliyotga tadbiq etilmoqda.
Jumladan, Norin tumanidagi Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi Yangi Namangan mahallasida “Mahalla axborot va xizmat markazi” tashkil etildi. Davlat xizmatchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida esa Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi samaradorligi agentligi Namangan filiali tashabbusi bilan xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida 5 ming 714 nafar xodimni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari davom ettirilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun davlat xizmatida ochiqlik va meritokratiyani ta’minlash, salohiyatli kadrlarni aniqlash va rivojlantirish, boshqaruvda natijadorlik tamoyillarini kuchaytirish, hududlarning yangi imkoniyatlarini yo‘lga qo‘yishda muayyan yutuqlarga erishilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.