Chorvachilik rivojlanmoqda
Tomdi tumani Navoiy viloyatining olis tumanlaridan biri bo‘lib, bu yerda asosan chorvachilik rivojlangan. Tumandagi “Saridala qorako‘l” fermer xo‘jaligi rahbari Salomjon Choriqulov 2017 yildan beri chorvachilik bilan shug‘ullanib keladi.
Fermer xo‘jaligi tashkil qilinganida 500 boshga yaqin qo‘y va echki boqilgan bo‘lsa, bugun qorako‘l zotli mahalliy qo‘y-qo‘zilar soni 4 ming boshga yetkazildi. Albatta, bu mamlakatimizda fermer xo‘jaliklariga qaratilgan alohida e’tibor, ularga yaratilgan qulayliklar va chorvachilikni rivojlantirish yo‘lidagi islohotlar samarasidir.
Ayni paytda fermer xo‘jaligida 11 nafar kishining bandligi ta’minlangan. Ta’kidlash joizki, yozning saratoni, qishning qahratoni cho‘pon-cho‘liqlar uchun haqiqiy sinov pallasi bo‘lib, ular tabiatning har qanday injiqliklariga moslashishlari kerak. Suruv ortidan yaylov kezib, qo‘y boqish oson emas. Ammo qish barcha chorvadorlar uchun sinov davri hisoblanadi.

Bu holatni to‘g‘ri anglagan Salomjon aka cho‘ponlarning ijtimoiy himoyasiga, ayniqsa, issiq kiyim-bosh bilan ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratadi.
– Hozirda fermer xo‘jaligimizda mahalliy zotli qo‘y-qo‘zilardan tashqari, 500 bosh “Bayat” zotli mayda shoxli mol boqilmoqda, – deydi Salomjon Choriqulov. – Dastlab, ular maxsus chorva kompleksida veterinariya xizmati nazorati ostida parvarishlandi. Joriy yil so‘nggigacha yana 2 ming bosh zotdor qo‘y keltirishni ko‘zlab turibmiz. Shuningdek, xo‘jaligimizda mahalliy zotli 60 bosh ot, 30 bosh sigir va buzoqlar boqiladi. Qishning quruq sovuq kelishi chorva uchun biroz qiyinchilik tug‘diradi. Yog‘ingarchilik qancha ko‘p bo‘lsa, bizga shuncha yaxshi. Namlik zaxirasi ko‘payadi, chang-to‘zon bosiladi, o‘t-o‘lan mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Qish uchun ozuqalarni g‘amlab qo‘yganmiz, yem-xashak yetarli. Havo ochiq kunlari yaylovda o‘tlatamiz. Qor qalin yog‘sa, yer muzlasa, qo‘raga keltirib, qo‘ldan ozuqa beramiz. Qishdan betalafot chiqib olsak, qo‘zilatish mavsumida qiynalmaymiz. Mavsumda 30 nafargacha ishchini chorva ishlariga jalb etib, ularning daromad topishiga yordam berib kelyapmiz.
Mutaxassislarning fikricha, “Bayat” zoti bugungi kunda jahon chorvachilik bozorida katta talabga ega bo‘lgan zotlardan biridir. Ushbu zotli qo‘ylar go‘sht-jun yo‘nalishida bo‘lib, ularning tirik vazni 70-80 kilogramm, qo‘chqorlari 100-120 kilogrammgacha yetadi. Go‘sht chiqimi esa tirik vazniga nisbatan 60 foizni tashkil etadi. Shuningdek, ushbu qo‘y zoti viloyat yaylovlari va iqlim sharoitiga tez moslashuvchan zotlardan sanaladi.

Albatta, Navoiy viloyati chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish va aholini sifatli go‘sht bilan ta’minlashda o‘ziga xos tajribaga ega. Davlatimiz rahbarining 2024 yil 31 oktyabr – 1 noyabr kunlari Navoiy viloyatiga amalga oshirgan tashrifi bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirdi.
Xususan, tashrif doirasida “Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar” mavzusida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatda kelgusi uch yilda 3 million gektar yaylovni yaxshilash, chorva bosh sonini 10 barobarga oshirish vazifasi belgilandi.
Shunga asosan, viloyat hududining iqlim sharoitiga mos, yuqori mahsuldor chet el chorva zotlarini olib kelib ko‘paytirish ishlari boshlab yuborildi.

– Viloyatda naslchilik borasidagi imtiyozlar chorvachilik bilan shug‘ullanadigan fermer xo‘jaliklariga daromadlarini yanada oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratmoqda, – deydi viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi mas’ul xodimi Polat Duisenov. – Bugungi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan Mongoliya, Turkiya kabi davlatlardan zotdor chorva mollari olib kelinmoqda. Xususan, joriy yilda ham viloyatimizga yana 70 ming bosh “Bayat” zotli qo‘y olib kelish rejalashtirilgan. Maqsad ularni ko‘paytirish orqali aholini sifatli go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlashdir.
Darhaqiqat, yurtimizda chorvachilik xo‘jaliklarida mehnat unumdorligini oshirish, chorvachilik va uning tarmoqlarida ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi ishlar huquqiy jihatdan mustahkamlangan. Ya’ni, bugun chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar mavjud imtiyoz va imkoniyatlardan samarali foydalangan holda bozorlarimizni xavfsiz go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlamoqda, o‘z daromadlarini oshirmoqda.
Shu bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratib, aholi turmush farovonligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqda.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri