Chiqindi xizmatida yangi tartib: to‘lov faqat haqiqiy xizmat uchun
So‘nggi yillarda kommunal xizmatlar sohasini shaffoflashtirish va aholi uchun qulayliklarni oshirish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi.
Ayniqsa, chiqindilarni boshqarish tizimini tartibga solish, noqonuniy to‘lovlarni kamaytirish va xizmat sifati ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda 2026-yildan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni olib ketish xizmatida mutlaqo yangi to‘lov mexanizmi joriy etildi.

Mavjud tartibga asosan joriy 2026-yil 1-yanvardan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni olib ketish xizmati uchun haq to‘lashning yangi tartibi kuchga kirdi. Unga ko‘ra, sanitar tozalash sohasida iste’molchilardan faqatgina amalda ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘lov hisoblanadi va barcha hisob-kitoblar onlayn tizimlar orqali amalga oshiriladi. Onlayn to‘lov tizimi bir qator qulayliklarni taqdim etadi.
Endi aholi to‘lovni istalgan vaqt va joyda amalga oshirishi mumkin, bankka borish yoki navbat kutishga hojat yo‘q. Shuningdek, hisoblarni tekshirish, to‘lov cheklarini yuklab olish va xizmat jarayonini nazorat qilish ancha osonlashdi.
Eng muhimi, bu tizim noqonuniy to‘lovlar va mablag‘larni yashirish holatlarining oldini olib, sohada shaffoflikni ta’minlaydi.
Yangi tartibga muvofiq, aholidan tushgan mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sanitar korxonalarga emas, balki davlat nazoratidagi maxsus hisob-raqamiga yo‘naltiriladi. Bu hisob-raqam Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan yuritiladi. Keyinchalik operatorlarga haq faqat haqiqiy bajarilgan ish hajmi — chiqindi tonnasi va maxsus texnikaning bosib o‘tgan masofasiga qarab to‘lab beriladi.
Shu bilan birga, sanitar korxonalar faoliyati har oy baholanib, “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi. Baho to‘lovga bevosita ta’sir qiladi: xizmat sifati past bo‘lsa, jarima qo‘llanadi, hatto shartnoma bekor qilinishi ham mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirning o‘zida 14 ta korxona “qizil” toifaga tushib, jarimaga tortildi, ikkita korxona bilan shartnoma bekor qilindi.
Shuningdek, amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan 11,9 milliard so‘mlik noreal qarzdorliklar elektron tizimdan chiqarildi.
Sohada raqamlashtirish jarayoni ham jadal davom etmoqda. “Toza Makon” yagona elektron billing tizimiga respublika bo‘yicha 9 ming 430 ta mahalla va 7,1 million abonent ulangan.
Elektron xaritaga minglab chiqindi yig‘ish nuqtalari kiritilgan, maxsus texnikaning aksar qismi GPS orqali kuzatilmoqda, yuzlab maydoncha va texnikalar onlayn kameralar bilan nazorat qilinmoqda. 2030-yilga qadar bu nazoratni 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, billing tizimining elektr ta’minoti bilan integratsiya qilinishi sohani to‘liq raqamlashtirish va xizmat ko‘rsatuvchilardan yuqori sifat talab qilish imkoniyatini yanada kengaytirdi.
Qisqacha aytganda, chiqindilarni olib ketish xizmatining yangi tizimi — shaffoflik, adolatli to‘lov va qat’iy nazoratni ta’minlashga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi. Endi aholi faqat haqiqiy xizmat uchun haq to‘laydi, xizmat ko‘rsatuvchilar esa natijaga qarab baholanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA