Eng kuchlilar saralandi (+video)
Farg‘ona shahrida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi birinchiligi uchun xizmat ko‘pkurashi musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda hududiy boshqarmalar, muassasalar va harbiy qismlardan jami 19 ta jamoa ishtirok etib, o‘z mahoratini namoyon etdi.
Musobaqaning dastlabki bosqichlarida ishtirokchilar 100, 1000 va 3000 metr masofalarga yugurish, turnikda tortinish kabi mashqlarda kuch sinashdi. Keyingi bosqichlarda esa jamoalar suvda suzish va otish tayyorgarligi bo‘yicha bahslashdilar. Har bir yo‘nalish harbiy xizmatchilarning jismoniy tayyorgarligi bilan birga iroda, sabr va matonatini ham sinovdan o‘tkazdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasi mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Jamoat xavfsizligi universiteti hamda Toshkent shahrida joylashgan harbiy qism jamoalari esa 2 va 3-o‘rinlarni egalladi. G‘olib va sovrindorlar kubok, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
–Bunday musobaqalar harbiy xizmatchilarning nafaqat jismoniy, balki ruhiy tayyorgarligini ham mustahkamlaydi. Eng muhimi, jamoaviy hamjihatlik va bir maqsad sari intilishni kuchaytiradi. Bugungi bahslar har bir ishtirokchining jangovar shayligini yana bir bor namoyon etdi,–deydi Milliy gvardiyaning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari G‘olibjon Karimov.
Ta’kidlash joizki, xizmat ko‘pkurashi musobaqalari harbiy xizmatchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy tayyorgarlikni oshirish hamda jamoaviylik ruhini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GIvajAw_K64" title="Eng kuchlilar saralandi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, U. To‘xtayev (video), O‘zA