Chexiya Bosh vaziri Toshkent shahridagi texnoparkka bordi
Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida Toshkent shahridagi texnoparkka tashrif buyurdi.
Mazkur zamonaviy sanoat majmuasi davlatimiz rahbarining 2019-yil 1-maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan.
Texnopark hududida umumiy qiymati 500 million dollarga yaqin 20 ta ishlab chiqarish quvvati faoliyat yuritmoqda. Korxonada 5 ming nafardan ortiq xodim mehnat qilmoqda.
Oliy martabali mehmon e’tiboriga korxonalarda ishlab chiqarilayotgan maishiy texnika, elektron hisoblagichlar, lift va eskalatorlar, nasoslar, sanoat qozonxonalari hamda sovitish tizimlari kabi keng turdagi yuqori texnologik mahsulotlar taqdim etildi.
[gallery-29095]
Texnopark dunyoga mashhur kompaniyalar, jumladan, Pietro Fiorentini, Samsung Electronics, Ferroli va boshqa yetakchi brendlar bilan hamkorlik qiladi.
Mahsulotlar xorijiy brendlar ostida va ular nazorati asosida ishlab chiqarilmoqda. Ular ichki va tashqi bozorlarda yuqori talabga ega bo‘lib, bugungi kunda dunyoning o‘ndan ortiq mamlakatiga eksport qilinmoqda.
Mehmonlarda mamlakatimizning sanoat salohiyati, mahsulotlar assortimenti va ularning sifati katta taassurot qoldirdi.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
Sarvar O‘RMONOV(surat),
O‘zA