Volontyorlar mehnati e’tirof etildi
Mamlakatimizda o‘tkaziladigan xalqaro ahamiyatga ega tadbirlarning yuqori saviyada tashkil etilishi, yurtimizga tashrif buyurayotgan mamlakatlar delegatsiyalarini kutib olish, ularga hamrohlik qilish, jonajon diyorimizning e’tiborga molik maskanlari bilan yaqindan tanishtirishda ko‘ngillilar, ya’ni volontyorlarning alohida xizmatlari bor.
Bu, “ko‘rinmas qahramonlar”ning mehnatlari tufayli chet ellik sayyohlar, tashrif buyuruvchilar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, odamlar kayfiyati, xalqimizning o‘ziga xos betakror madaniyati haqida tasavvurga ega bo‘lmoqda.

Joriy yil aprel oyining ikkinchi o‘n kunligida poytaxtimizda taekvondo WT bo‘yicha tashkil etilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati, Butunjahon taekvondo federatsiyasi Bosh assambleyasi va uning doirasidagi turli xalqaro tadbirlarning har jihatdan professional o‘tishida, dunyoning 100 ga yaqin davlatidan kelgan sportchilar, murabbiylar, mutaxassislarga yaqindan ko‘mak ko‘rsatgan yurtimiz volontyorlari mehnat qilishdiki, bu tahsinga loyiq ish bo‘ldi.

Kuni kecha O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasida volontyorlarining mehnatlari e’tirof etilib, ularga minnatdorlik bildirildi.
Tadbir davomida Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning izchilligini ta’minlashda yoshlarning o‘rni beqiyosligini ta’kidlab, yurtimizda volontyorlik faoliyati rivoj topayotganini, bunda bir qator loyihalar qatorida Yosh sport liderlari dasturi muhim o‘rin tutayotganini qayd etdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA