Chempionat g‘oliblari taqdirlandi
Joriy yilning 6-7-8 may kunlari Toshkent viloyatida velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi.
Unda erkaklar, ayollar hamda 2003-2004 yillarda tug‘ilgan yoshlar (qizlar) veloshossening jamoa, kreterium va juftlik poygalari bo‘yicha mamlakat chempionligi uchun o‘zaro musobaqalashdi.
Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan turnirda 100 nafardan ziyod sportchi ishtirok etdi.
Turnirning birinchi kun bahslari murosasiz kechdi. Jamoaviy vaqt poygasida 40 km masofaga o‘tkazilgan musobaqada erkaklar o‘rtasida Danil Yevdokimov, Nikita Stenkavoy, Dmitriy Sirko, Botirjon Ismatovlardan iborat “Dinamo” jamoasi 50:5, yoshlar o‘rtasida esa Samandar Sultonov, Ahmad Yuldashev, Husniddin Shonazarov, Davlatyor Zaribov tarkibli Xorazm viloyati jamoasi 52:59 natija bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Juftlik vaqt poygasida 20 km masofaga kechgan bahsda ayollar o‘rtasida Yanina Kuskova, Madina Qahhorova 28:59 natija qayd etib g‘olib bo‘ldi. Yosh qizlar o‘rtasidagi bahslarda esa Anna Kuskova, Margarita Misyurina 30:22 natija bilan muvaffaqiyat qozondi.
Veloshosse bo‘yicha erkaklar, yoshlar, ayollar hamda yosh qizlar o‘rtasidagi respublika musobaqasida sportchilar guruh poygada o‘zaro bahslashdi. Erkaklar va yoshlar 127 km masofani, ayollar hamda yosh qizlar esa 88 km masofani bosib o‘tishi kerak bo‘ldi.
Erkaklar o‘rtasida Akrom Sunnatov, yoshlar o‘rtasida Abduhamid To‘ychiyev, ayollar o‘rtasida Yanina Kuskova, yosh qizlar o‘rtasida Anna Kuskova belgilangan manzilga birinchilardan bo‘lib yetib keldi.
Yakunda erkaklar o‘rtasida Toshkent shahri sportchisi Nikita Stenkovoy chempionlikni qo‘lga kiritdi. Toshkent viloyati velosportchilari Konstantin Elliga ikkinchi, Akrom Sunnatovga uchinchi o‘rin nasib qildi.
Turnir tugashi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimga faxriy sportchilar ham taklif etilib, ularga ko‘krak nishonlari va esdalik sovg‘alari topshirildi. Chempionat g‘oliblari hamda faol sportchilar munosib rag‘batlantirildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA