Buxoroda qishloq xo‘jaligi yerlaridan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanmoqda
Ma’lumki, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash, ularni asrab-avaylash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Shu bois, mazkur yo‘nalishda nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, “O‘zagroinspeksiya”ning Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan qishloq xo‘jaligi yerlaridan maqsadli foydalanish, shuningdek, noqonuniy qurilishlarning oldini olishga qaratilgan doimiy tekshiruvlar amalga oshirilmoqda. Olib borilgan nazorat tadbirlari davomida bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Jumladan, Kogon tumani “Yangi Hayot” massivida faoliyat yuritayotgan “Parravshantrans” MCHJ rahbariga ajratilgan qishloq xo‘jaligi yer maydonidan noqonuniy foydalanish holati qayd etildi. Aniqlanishicha, u 4549-konturda joylashgan 0,30 gektar ekin maydonida o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlarini amalga oshirgan.

Mazkur qonunbuzilish natijasida qishloq xo‘jaligi yerlariga 255 million 209,3 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani ma’lum qilindi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu kabi holatlarning oldini olish, yer resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash borasida nazorat tadbirlari yanada kuchaytiriladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA