Maqsad: hosildorlikni oshirish va suvni tejash (+video)
“Suv keltirgan elda aziz”, degan ibora qachon paydo bo‘lgani noma’lum. Ammo qadimda ham suv qadrli bo‘lgani aniq. Bugunga kelib esa, uning qiymati kundan-kun ortib bormoqda. Chunki tog‘lardagi suv zaxiralari kamayib, ayrim hududlarda asta-sekin qurg‘oqchilik ro‘y berishi xavfi ortyapti.
Bir tomondan hosildorlikni oshirish, ikkinchi tomondan suvni tejash lozim. Dehqon shunday paytda qanday yo‘l tutishi kerak?

Bu yil Farg‘ona viloyatida paxtadan o‘rtacha 53,5 sentner hosil olish rejalashtirilgan. Ayni paytda amalda ushbu ko‘rsatkichni yanada oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Prezidentimiz tavsiya etganidek, bu borada asosiy e’tibor ilm-fan yutuqlari va zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etishga qaratilmoqda. Xususan, Oltiariq tumanida bu kabi yondashuv o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatmoqda.

Tumandagi fermerlar 2025-yilda “Shinjon” usulida chigit ekib yuqori hosil oldi. Shundanmi, bu yil deyarli barcha maydonlarda ushbu usul qo‘llanyapti. “Dilmuhammad Fayzullo Fayz” fermer xo‘jaligi Oltiariqning ilg‘or, tilga tushgan dehqonlari boshqaruvida. Uning 38 gektar yeri bor. Shundan 20 gektariga qo‘shqator, tomchilatib sug‘orish, bir so‘z bilan aytganda, “Shinjon” usulida ekdilar.
– Bu usulni tanlaganimizning sababi shundaki, avvalo hosildorlik yuqori bo‘ladi, – deydi “Dilmuhammad Fayzullo Fayz” fermer xo‘jaligi rahbari Dilmuhammad Homidjonov. – Ikkinchidan, suv tejaladi, agrotexnik ishlovlar soni qisqaradi. Ya’ni texnika dalaga kam kiradi. Ishchi kuchi, qo‘l mehnatiga ham talab qisqaradi. Pirovard natijada mahsulot tannarxi arzonlashadi.

Farg‘ona viloyatida jami 72 ming gektar maydonda paxta yetishtiriladi. Prezidentimizning 2026-yil 5-fevraldagi “Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori allaqachon amalga tatbiq etilyapti. Bunda Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mutaxassislari fermerlarga yaqin yordamchi bo‘ldi.
– Farg‘ona viloyati bo‘yicha 40,7 ming gektar maydonga suv tejovchi texnologiyalar joriy etilishi rejalashtirilgan, – deydi Sirdaryo-So‘x irrigatsiya suv havza boshqarmasi bosh mutaxassisi Zuhriddin Orifjonov. –Bunda tomchilatib sug‘orish, yomg‘irlatib sug‘orish, diskretitsion usulda sug‘orish va egatga plyonka to‘shab tomchilatib sug‘orish usullarini qamrab oladi. Ushbu usulda hisob kitoblarga ko‘ra viloyatda 30-35 million metr kub suv tejash imkoni bo‘ladi.

Dehqon hosildorlikni oshirishni o‘ylaydi, irrigator suvni tejab ishlatishni. Ammo har ikki maqsad uyg‘un. Uni amalga oshishi uchun Prezident qaroriga ko‘ra suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi va subsidiyalar sug‘oriladigan yer maydonlarining suv bilan ta’minlanganlik holatidan kelib chiqib belgilanadi. Ya’ni suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududda joylashgan sug‘oriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinganda, ajratiladigan subsidiyalarga 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llagan holda hisoblanadi. Bu esa dehqon daromadini oshiradi.
“Shinjon”ning suvni tejovchi usulini qo‘llash uchun ko‘p miqdorda plyonka va tomchilatib sug‘orish shlangi kerak. Endi uni Farg‘onada ham ishlab chiqarishmoqda.

– Viloyatning Toshloq va O‘zbekiston tumanlarida tomchilatib sug‘orish uchun plastmassa maxsus shlanglari va “Shinjon” usuliga moslashtirilgan o‘lchamdagi plyonkalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, – deydi Zuhriddin Orifjonov.
Shunday qilib, qisqa muddatda Farg‘ona viloyatining paxta ekiladigan suvni tejovchi texnologiya qo‘llangan maydoni 53 foizga yetdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tThwOw_q0x0" title="Maqsad: hosildorlikni oshirish va suvni tejash" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video) O‘zA