Qat’iyatli otaxon maqsadiga erishdi (+video)
Hozirgi kunda mas’ullar tomonidan aholi o‘rtasida ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yilishi, dolzarb muammolarni aniqlash, murojaatlarning qonuniy va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlashda samarali mexanizmga aylangan.
Joylarda tashkil etilayotgan uchrashuvlarda aholi tomonidan bildirilgan sog‘liqni saqlash, moddiy-ko‘mak, uy-joy va ijtimoiy muammolar, kommunal, bandlik, tadbirkorlik va kredit olishga doir katta-kichik masalalar ko‘rib chiqilmoqda va bundan aholi ham mamnun.

Jumladan, Olmaliq shahar hokimi Qobil Hamdamov ham hududda faoliyat yuritayotgan davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida fuqarolar uchun navbatdagi qabul o‘tkazdi. Ochiq muloqot tarzida kechgan qabulda jami 14 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Ular asosan bandlik, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, yer masalasi, maktabgacha ta’lim, aliment undirish hamda uy-joy va moddiy yordam ajratish kabi muhim mavzularga qaratildi.

Jumladan, 90 yoshli Xudoynazar ota Xidirov bandlikni ta’minlash borasida hokimga o‘z muammosini bayon qildi. Hokim avvaliga otaning yoshlarini hisobga olgan holda fikridan qaytarishga urinib ko‘rdi, ammo, bu fuqaro fikrida sobit qolgach Obodonlashtirish boshqarmasiga bog‘bonlikka ishga joylandi. Endi Xudoynazar otaning ko‘p yillik tajribasi shahar ko‘chalariga fayz beradigan gullar va daraxtlarni parvarishlashda asqatadi. Shu bilan birga, yosh xodimlar ham undan ko‘proq ish o‘rganishi kerakligi borasida kelishib olindi.
Muloqot yakunida kelib tushgan murojaatlarning 6 tasi joyida ijobiy yechim topdi va qanoatlantirildi. Qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab etadigan qolgan masalalar esa belgilangan tartibda tegishli mas’ul tashkilot va idoralarga yo‘naltirilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1Oa2XF_ZfPM" title="Qat’iyatli otaxon maqsadiga erishdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev,O‘zA.