Bu «tarbiya usuli» emas, bu - jinoyat!
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga jiddiy murojaat
Kadrlarni ishga olishda ularning ruhiy holati va bolalarga bo‘lgan mehri emas, faqat diplomi yoki tanish-bilishchilik birinchi o‘ringa chiqib qolgan.
Ko‘plab bog‘chalarda videokuzatuv tizimlarining yo‘qligi yoki ishlamasligi «tarbiyachi»larga o‘z bilganini qilish imkonini bermoqda.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan Navoiy shahridagi xususiy bog‘cha tarbiyachisining bolalarni ayovsiz kaltaklagan videosini oxirigacha ko‘rishga yuragim chidamadi. Izohlarga o‘tib, tarmoq foydalanuvchilarining munosabatlarini o‘qidimu yana ichim qizib videoni qayta ochdim. Bu safar bir amallab ko‘rdim, lekin ichim ezilib, yuragim achishib ketdi...

Norasida go‘daklarni shunchalik urib siltash uchun, himoyasiz bolachalarga ziyon yetkazish uchun, kaltaklangan bolalarga qo‘shilib hamma bolalar qo‘rqib yig‘lab o‘tirganiga ham parvo qilmaslik uchun ayol kishi qanchalik xudbin va berahm bo‘lishi mumkin!? Yaxshiyamki tarbiyachilar ayollar, ayol esa bu — ona, ona esa bolasi uchun jonini jabborga berishga tayyor zot, bolani dunyoga keltirib, voyaga yetkazishning mashaqqatini hammadan-da yaxshi his qiladigan inson.
Afsuski, keyingi paytlarda ana shunday rahm-shafqatsiz, qahri qattiq, qamchisidan qon tomib turadigan, asliyati bilan tarbiya sohasiga umuman begona bo‘lgan, nomi tarbiyachiyu o‘zi tarbiyasiz, mehrsiz xodimlar tez-tez uchrab turibdi. Qilgan ishiga toqat qilib bo‘lmaydigan ayrim xodimlarning qilg‘iliklaridan birovini hazm qilib bo‘lmay turib, orqasidan yana boshqasi chiqib kelyapti.
Yana bir holat — 10-aprel kuni Toshkent shahri Yangihayot tumani 566-MTTda bo‘lgan voqea ham keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu bog‘chadagi bir nechta tarbiyalanuvchilarning aytishicha, bog‘cha opa yordamchisi uchta bolani (bittasini qo‘lini bog‘lagan holda) hojatxonaga qamab qo‘ygan. “Yerto‘ladagi kalamushlarga olib borib beraman”, deb qo‘rqitgan. Hojatxonaga qamab qo‘yilgan qizchaning aytishiga qaraganda, bolalar yig‘lashgan, qo‘rqib baqirishgan, lekin shunda ham eshikni ochmagan.

Achinarlisi, yerto‘ladagi kalamushlarga berish bilan qo‘rqitish holati birinchi marta bo‘lmagan. Boshqa bolalar ham bir necha marotaba shunaqa gap bilan qo‘rqitilganini aytgan. Ayrim bolalar esa hojatxonaga so‘ramasdan kirganda ham jazolanish mumkinligini aytgan. Nahotki, murg‘ak bola hojatga chiqqisi kelib turganida ham bemalol borib kelolmasa!
Videoda tasvirlanganidek, hojatxonaga qamalgan qizchalarning biri uch kundan keyin ham yarim tunda tushida qo‘rqib ketib uyg‘ongan, stressga tushib qolgan, yuragidagi qo‘rquv vahimasi hamon bosilmagan...
Ayrim «tarbiyachilar»ning bolani qo‘rqitish, urish yoki ovqat yemagani uchun jazolashini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Bola bog‘chaga bilim olish, ijtimoiylashish va mehr ko‘rish uchun boradi, tahqirlanish uchun emas. Bu yoshda olingan ruhiy jarohat bolaning butun umrlik xarakteri, ruhiyati va dunyoqarashiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ilmiy isbotlangan.
Bolaning begonasi bo‘lmaydi, deyishadi. Ammo birovning ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab katta qilayotgan bolasini azoblash ayrim tarbiyachilar uchun shunchalik oson kechyaptimi? Ular uchun qiynashga, kaltaklashga, o‘z asabiyligining xumoridan chiqishga bolalar ermak bo‘lib qolyaptimi?
Avvalo, tarbiyachi bo‘lishni, ertadan kechgacha bolalar bilan ishlaydigan kasbni tanlagan o‘zi emasmi? O‘zi maktabgacha ta’lim tashkiloti eshigidan xatlab, turlicha xarakterdagi bolalar bilan ishlashga tayyor bo‘lib kirgan-ku. Nozik va bola ruhiyati bilan bog‘liq bo‘lgan bu soha unga og‘irlik qilayotgan yoxud malol kelayotgan bo‘lsa, marhamat qilib kirgan eshigidan butunlay chiqib ketaversin.
Afsuski, bolalarni kaltaklash, ularga ziyon yetkazish, qo‘rqitish kabi zo‘ravonlik holatlari davlat bog‘chalarida ham, nodavlat bog‘chalarida ham birdek uchrab turibdi. Bu holatlar bo‘yicha, albatta, tegishli choralar ko‘rilmoqda. Masalan, yuqorida qayd etilgan Navoiydagi holat yuzasidan ma’lum bo‘lishicha, mazkur nodavlat MTT faoliyati vaqtincha to‘xtatilib, tarbiyachi ishdan bo‘shatilgan. Muhokama va izohlarda tarmoq foydalanuvchilarining asosiy qismi bunday xodimni faqat bo‘shatish bilangina cheklanmasdan, javobgarlikka tortish kerakligini bildirgan.
Yangihayotdagi holat bo‘yicha esa ayrimlar tarbiyachini qoralasa, ayrimlar shuncha bola bilan ishlash tarbiyachiga ham oson emasligini aytgan. To‘g‘ri, bolalarning sho‘xligi, qaysarligi, xarxashasi, qolaversa, ularga osh-ovqatini vaqtida berish, tozalik ishlari tarbiyachi va uning yordamchisini toliqtirishi mumkin.
Ammo maktabgacha ta’lim sohasi faqatgina ishli bo‘lib, maosh olish uchun ishlanadigan joy emas. Bu yo‘nalishda ishlash uchun tarbiyachi, avvalo, o‘zini fido qila olishi, mehri daryo, bag‘rikeng bo‘lishi kerak. Bolalar, qolaversa, ularning ota-onalari bilan til topishib, ko‘nglidan joy ola bilishi lozim. Eng asosiysi, bolani zeriktirmaslik, uning murg‘ak qalbidan o‘rin egallash, mehr-e’tiborini qozonish uchun mahoratli, o‘z kasbining ustasi bo‘lishi shart.
Ana shunday bog‘cha opalarni o‘z hayotimda ko‘rganman, ko‘ryapman. Ayni paytda kichkina qizim ham bog‘cha tarbiyalanuvchisi. O‘rta guruhdagi bog‘cha opasi shunchalik mehribon va bolalarni o‘ziga qaratib olgan ediki, bolalarga beradigan dakkisi, tanbehida ham bir olam mehr bo‘lardi va buni bolalar chin qalbidan his qilishar edi. Shuning uchun bog‘cha opasining biroz urushib qo‘yishini ham to‘g‘ri qabul qilar, to‘g‘ri xulosa chiqarar va xafa bo‘lishmas edi. Bolajon tarbiyachimizning mahoratiyu samimiyligini biz ota-onalar ham juda qattiq hurmat qilardik. Shu vajdan bolalarimizni katta guruhga o‘tkazish vaqti kelganida shu tarbiyachining o‘zida qolishini talab qilganmiz.
Ha, tarbiyachilarimiz orasida ana shunday mehribon, o‘z ishining ustasi bo‘lgan, bolalar bilan ishlashga haqiqatan munosib bo‘lganlari ham talaygina. Afsuski, nomaqbul kurmaklar ham borki, ularning o‘rni, joyi bolalar bilan ishlaydigan sohada bo‘lmasligi kerak. Murg‘ak farzandlarimizning buguni va kelajagi ushbu sohadan yiroq bo‘lgan, zolim kimsalar qo‘lida qolmasligi lozim. Aks holda bolalarimizning kelajagini boy beramiz. Tarbiyasiz “tarbiyachi”lar oqibatida bolalarimiz hissiz, tarbiyasiz, ichida vahima yoki alamzadalik bo‘y ko‘rsatadigan insonga aylanib qolishlari ehtimoldan xoli emas.
Shunday ekan, tarbiyachi va yordamchilarni ishga qabul qilganda, nomzodlarni har tomonlama tekshirish, psixologik jihatdan ruhiyatini o‘rganish, hatto oilaviy muhitini ham o‘rganib hisobga olish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Kelajagimiz egalari bilan ishlashga munosib, bolajon, pedagogik mahorati yuqori darajada bo‘lgan tarbiyachilarni jalb qilish talab etiladi. Bolalarning ruhiyatini, qalbini tushunadigan, tazyiq va zo‘ravonlik qilishdan yiroq bo‘lgan mahorat egalarigina farzandlarimiz bilan tillashishga, dillashishga haqlidir...
Muhtarama Komilova, O‘zA