Boysunda adaptiv sport bellashuvi g‘oliblari munosib taqdirlandi
Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida “Besh tashabbus paralimpiadasi” doirasida 18 va undan katta yoshdagi imkoniyati cheklanganlarning adaptiv sport musobaqasi o‘tkazildi.
Mamlakatimizda imkoniyati cheklangan insonlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun zarur sharoit yaratib, iste’dod va iqtidorini yuzaga chiqarish, tashabbus va takliflarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sog‘lomlashtirish va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha qulaylik yaratilayotir. Shu maqsadda adaptiv sport turlari rivojlantirilib, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari sport bilan shug‘ullanishni istagan nogironligi bo‘lgan shaxslarga jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida bepul sport bilan shug‘ullanishi uchun yo‘llanmalar bermoqda.

Olimpiya qo‘mitasi viloyat bo‘limi, Boysun tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, tuman yoshlar ishlari bo‘limi va tuman sport maktabi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada ham erkaklar va ayollar 11 ta adaptiv sport turi bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi. Ijtimoiy moslashuvi, o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirish va yuqori natijalarga erishish ko‘nikmalarini namoyish etdi.


- Musobaqa juda qiziqarli va murosasiz bo‘ldi. Stol tennisi bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvda ikkinchi o‘rinni egallaganimdan xursandman, - deydi Zarina Bekmurodova. - Bu musobaqa mening sportda yuqori natijalarga erishish imkoniyatlarim borligini ko‘rsatdi. O‘zimga ishonchim yanada ortdi. Endi mashg‘ulotlarni ko‘paytirib, keyingi musobaqalarda g‘oliblar safidagi o‘rnimni mustahkamlashga harakat qilaman.
Qiziqarli bahslarga boy bo‘lgan musobaqa g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA