Ommaviy axborot vositalari xodimlari merganlikda raqobatlashdi
O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan turnir jurnalistlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ularni sportning texnik va amaliy turlari bilan faol shug‘ullanishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
“Sport – salomatlik garovi” shiori ostida tashkil etilgan musobaqalarda soha xodimlari 10 metrlik masofada joylashgan nishonlarni pnevmatik miltiqlarda mo‘ljalga olish bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.
Qizg‘in, do‘stona, shu bilan birga, murosasiz kechgan bellashuvlar natijasida erkaklar o‘rtasida "Sport" telekanali xodimi Sanjar Zaitov g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, "O‘zbekiston" telekanali jurnalisti Muhammadali Akbarov 2-o‘rinni, "Yoshlar" telekanali vakili G‘ayratjon Qurbonov 3-o‘rinni egalladi.

Xotin-qizlar musobaqasida "Toshkent" telekanali xodimasi Mohira Qayumova, "Yoshlar" telekanalidan Dinara Rahimova hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi Media va marketing departamenti mutaxassisi Laura Zakirova sovrinli o‘rinlarga egalik qildi.
Turnirning g‘olib va sovrindorlari “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA