“Boysun bahori” – milliy meros va xalqaro madaniyat chorrahasida
O‘zbekiston boy tarixiy va madaniy merosi bilan dunyo hamjamiyatida alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa, milliy an’analarni asrab-avaylash va ularni global miqyosda targ‘ib etishda folklor festivallari muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan, Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida har yili o‘tkaziladigan “Boysun bahori” nafaqat madaniy bayram, balki O‘zbekistonning boy nomoddiy merosini namoyish etuvchi yirik tadbir hisoblanadi.
Joriy yilning 1–7-may kunlari Boysun tumani yana dunyo folklor san’ati vakillarini o‘z bag‘riga chorlamoqda. Festivalda 40 dan ortiq davlatdan 100 dan ziyod folklor jamoalarining ishtirok etishi kutilmoqda. Bu esa tadbirning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

Festival dasturi rang-barang tadbirlarga boy. Unda milliy sport va xalq o‘yinlari jumladan, kurash, ko‘pkari, ot sporti musobaqalari tashkil etiladi. Shu bilan birga, hunarmandchilik ko‘rgazmalari orqali qadimiy kasb-hunar namunalari keng jamoatchilikka taqdim etiladi. Bu esa nafaqat tomoshabinlar uchun qiziqarli, balki milliy qadriyatlarni yosh avlodga yetkazishda ham muhim vositadir.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, Surxondaryo viloyati hokimligi hamda boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan festivalni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bu jarayon mehmonlar uchun qulay sharoitlar yaratish va tadbirni xalqaro standartlar asosida o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.

Boysun madaniy muhiti YUNESKO tomonidan 2001-yilda “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy madaniy merosi” durdonasi sifatida e’tirof etilgan. Keyinchalik, 2008-yilda “Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi” Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. Bu esa hududning noyob madaniy ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.

“Boysun bahori” festivali O‘zbekistonning boy madaniy merosini asrash va targ‘ib etishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu tadbir orqali milliy an’analar xalqaro miqyosda tanitilib, madaniyatlararo muloqot rivojiga hissa qo‘shadi. Eng muhimi, festival O‘zbekistonni jahon madaniy xaritasida yanada mustahkam o‘rin egallashiga xizmat qiladi.
Kelgusida bunday tadbirlarning ko‘payishi mamlakatimizning turizm salohiyatini oshirib, uni global sayyohlar uchun yanada jozibador manzilga aylantiradi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA