“BMB HOLDING” rahbari Italiya elchisi bilan uchrashdi
“BMB HOLDING” bosh ofisida xolding kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov hamda Italiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi, janob Pergabriyele Papadiya de Bottini o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ushbu uchrashuvning asosiy mavzusi O‘zbekiston – Italiya qo‘shma korxonasi tomonidan Jizzax viloyati Baxmal tumanida za’faron mahsulotini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish loyihasining borishi bo‘ldi.

Elchi “BMB Za'faron” brendi ostida yetishtirilayotgan za’faron uchun “USDA Organic” xalqaro sertifikatining muddati uzaytirilganini yuqori baholadi. Uning fikricha, bu O‘zbekistonda milliy brend ostida yetishtirilayotgan mahsulotni jahon bozoriga eksport qilish uchun katta imkoniyatlar yaratadi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida elchixona bilan birgalikda ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida biznes forum o‘tkazishga kelishib olindi.

Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish maqsadida istiqbolli sohalarni belgilab olish va ushbu yo‘nalishlarga Italiyaning yirik kompaniyalarini jalb qilish bo‘yicha strategiya ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.
Uchrashuvda nafaqat iqtisodiy, balki madaniyat, ta’lim va sport kabi ijtimoiy sohalarda ham hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Bu kabi uchrashuvlar O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri