Birinchi qo‘ng‘iroq – buyuk orzularga chorlov
Bugun mamlakatimizdagi barcha umumta’lim maktablarida yangi – 2026/2027 o‘quv yili boshlandi. Bu sana ming-minglab o‘quvchilar, ayniqsa, maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘yayotgan bolajonlar hayotidagi eng quvonchli va unutilmas kunlardan biri bo‘lib qoladi.
Farg‘ona shahrining «Ekoshahar» hududida joylashgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda ham yangi o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Unda Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, ta’lim sohasi mas’ullari, maktab jamoasi, o‘quvchilar va ota-onalar ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Prezident tabrigida yurtimiz taraqqiyoti va Yangi O‘zbekistonning kelajagi bilimli, zamonaviy tafakkurga ega, Vatan taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashaydigan yoshlarga bog‘liq ekani ta’kidlandi. O‘quvchilarga yangi bilimlarni egallash, o‘z iqtidor va qobiliyatlarini namoyon etish, ustozlarning mehnatini qadrlash borasida ezgu tilaklar bildirildi.

– Prezidentimizning farzandlariga yo‘llagan bayram tabrigi nafaqat o‘quvchilarni, balki biz ustozlarni ham hayajonga soldi, – deydi maktab direktori Muhammadamin Nurmatov. – Oldimizda turgan vazifalar, maqsadlar katta ekan. Va biz mana shu asosida harakatlanamiz. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Farg‘ona filiali jamoasi, o‘quvchilar Prezidentimizning ishonchini oqlaymiz.
Bugun mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida iqtidorli yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, so‘nggi uch yilda iqtidorli o‘quvchilar uchun 201 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etilgani bu boradagi e’tibor ko‘lamini yaqqol ko‘rsatadi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qiladi. Bu yerda o‘quvchilarning aniq va tabiiy fanlarga qiziqishini oshirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi, ilmiy izlanishlarga intilishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
«Bilim — eng katta boylik», degan hikmatning ma’nosi bugungi tantanada yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov maktab o‘quvchilariga kitoblar sovg‘a qildi. Bu tuhfa, avvalo, yoshlarni kitob o‘qishga, mutolaaga mehr qo‘yishga, o‘z bilimini mustaqil ravishda boyitib borishga chorlov bo‘ldi.
– Jami arizalar soni 9447 tani tashkil qildi. Bu bir o‘ringa 115 nafardan talabgor deganidir. Maktabimiz aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan, – deydi maktab direktori Muhammadamin Nurmatov. – O‘quvchilarimiz o‘zlarining startap loyihalari, turli xil platformalar bilan ta’lim jarayoniga kirib kelmoqda.
Ota-onalar uchun ham bu kun alohida ahamiyatga ega. Kechagina ularning bag‘rida erkalanib yurgan farzandlari bugun qo‘liga guldasta tutib, yangi hayot bosqichi – maktab ostonasiga qadam qo‘ydi.

Va nihoyat, barcha intiqib kutgan lahza yetdi. O‘quv yilining ramziy birinchi qo‘ng‘irog‘i yangradi. Uning jarangdor sadosi butun maktab hovlisini to‘ldirdi. Birinchi qo‘ng‘iroq bilan birga yangi o‘quv yilining dastlabki sahifasi ochildi.
Bu qo‘ng‘iroq oddiy qo‘ng‘iroq emas. U yoshlarni bilim olishga, izlanishga, kashfiyotlar qilishga, Vatanga munosib farzand bo‘lib kamol topishga chorlovchi ramziy sadodir.
Zero, har bir buyuk yutuqning ibtidosi – bilim. Har bir buyuk orzuning poydevori – ta’lim.
Farg‘onada bugun shunday niyatlar amaliga kirishdilar.
<iframe width="1493" height="840" src="https://www.youtube.com/embed/T2GNp20veLQ" title="Birinchi qo‘ng‘iroq — buyuk orzularga chorlov" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video,surat),
O‘zA