Birinchi qo‘ng‘iroq – yangi maqsadlar chorlovi
Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 305-umumta’lim maktabida yangi o‘quv yiliga bag‘ishlangan an’anaviy “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiri ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, nuroniylar, maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilar hamda ota-onalar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Yurtimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yosh avlod uchun yaratilayotgan zamonaviy shart-sharoit va imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi. Ishtirokchilarga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning maktab o‘quvchilari, ustoz va murabbiylarga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimiz ta’lim tizimida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi. Xususan, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi, intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishi uchun zarur sharoitlar yaratilayotgani qayd etildi.
305-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ham o‘quvchilarga puxta bilim berish, ularni mustaqil fikrlaydigan, Vatanga sadoqatli va jamiyatda munosib o‘rin egallaydigan barkamol avlod vakillari etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda mazkur ta’lim muassasasida 2 ming 372 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Yangi o‘quv yilida ular safiga 350 nafar birinchi sinf o‘quvchisi qo‘shildi.
[gallery-31219]
Maktab ostonasidan ilk bor qadam qo‘yayotgan bolajonlar uchun “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiri ayniqsa unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi. Ularga “Prezident sovg‘asi” tantanali ravishda topshirildi. Tarkibida 12 nomdagi o‘quv qurollari jamlangan ushbu sovg‘a bolajonlarning maktabdagi ilk kunini yanada quvonchli qildi.
Tadbir davomida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan she’rlar, qo‘shiqlar va badiiy chiqishlar namoyish etildi. Ilk bor maktab formasini kiyib, qo‘liga kitob-daftar tutgan bolajonlarning quvonchi va hayajoni tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Maktab jamoasining ta’lim-tarbiya borasidagi mehnatlari bitiruvchilarning erishayotgan yutuqlarida ham namoyon bo‘lmoqda. Jumladan, 2025/2026 o‘quv yilida maktabni 185 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lib, ularning 122 nafari oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi.
Bu ko‘rsatkich ta’lim muassasasida o‘quvchilarni oliy ta’limga tayyorlash, ularning bilim va qobiliyatlarini rivojlantirish borasida izchil ishlar olib borilayotganidan dalolatdir.
Yangi o‘quv yilining ilk kunida yangragan qo‘ng‘iroq nafaqat birinchi sinf o‘quvchilari, balki barcha o‘quvchilar uchun yangi maqsad va yangi marralar sari chorlov bo‘ldi.
Zero, maktab ostonasida qo‘yilgan har bir qadam ertangi kunning mustahkam poydevoridir. Bilimga chanqoq, yuksak maqsadlar sari intilayotgan yoshlar mamlakatimiz taraqqiyotining eng muhim tayanchidir.
Kamola Yusupova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA