Sho‘rchida zamonaviy bog‘cha foydalanishga topshirildi
Bog‘cha bola shaxsining shakllanishi, sog‘lom ulg‘ayishi va kelajakdagi muvaffaqiyatlari uchun poydevor vazifasini o‘taydi. Bu davrda bola nafaqat ilk bilimlarni oladi, balki jamiyatda yashash va muloqot qilish ko‘nikmalarini ham o‘zlashtiradi.
Maktabgacha ta’lim tizimini isloh qilish va qamrovni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlar doirasida yurtimizda yangi va zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari foydalanishga topshirilmoqda. Ushbu maskanlar bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi hamda sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun zamon talablariga mos sharoitlar bilan jihozlangan.
Xususan, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi «Kakan» mahallasida 150 o‘rinli yangi va zamonaviy «Shukrona» nomli maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Bugungi kunda “Kakan” mahallasida uch mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ilgari mahallada bog‘cha bo‘lmagani sababli, bu mahalla ahli va bolajonlar uchun juda muhim tuhfa bo‘ldi.

– Yangi bog‘chaning barpo etilishi oddiy bir binoning qad rostlashi emas, bu mahalla kelajagiga, bolalar taqdiriga, ertangi kunga qo‘yilgan mustahkam poydevor bo‘ldi, – dedi jurnalist Nigina Shoyeva. – “Xolmatov Eshmurod polvon” fermer xo‘jaligi rahbari Erkin Xolboyev tashabbusi bilan bunyod etilgan mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotida kichkintoylar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Jumladan, zamonaviy xonalar, ta’lim-tarbiya uchun qulay muhit va bolalarning mazmunli vaqt o‘tkazishi uchun yaratilgan imkoniyatlar barchasi ularning baxtli bolaligi uchun xizmat qiladi.

— Mustaqilligimizning 35 yilligi mahallamiz uchun juda quvonchli keldi, — deydi mehnat faxriysi Xolmurod Rajapov. — Shu vaqtgacha mahallamizda bog‘cha yo‘q edi. Mana, mustaqilligimiz sharofati bilan zamonaviy bog‘cha foydalanishga topshirildi. To‘g‘risi, biz kattalarning ham bolalardek quvonchimiz beqiyos. Endi mahallamiz bolalarining kulgisi yanada ko‘paydi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA