“Better Work”: to‘qimachilik sohasida xalqaro hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi
Toshkentda “Brendlar bilan samarali hamkorlik yo‘llari” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.
“Better Work” dasturi doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbirda milliy korxonalarning xalqaro bozorga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, global brendlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda to‘qimachilik sohasida eksport salohiyatini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mutaxassislar jahon brendlari bilan shartnoma tuzish jarayonida mehnat standartlari, ijtimoiy normalar va ishlab chiqarish jarayonlarida xalqaro talablarga qat’iy rioya etish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Ularning fikricha, mazkur talablar korxonalarning raqobatbardoshligini oshirish, tashqi bozorda mustahkam o‘rin egallash hamda mahsulot sifatini yaxshilashda hal qiluvchi omillardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, tadbir doirasida Maslahat kengashining 3-yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Unda “Better Work” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijalari, tarmoqdagi mavjud holat, o‘tkazilgan seminar va treninglar hisobotlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, kelgusidagi hamkorlik istiqbollari va ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur muloqotlar to‘qimachilik sohasida xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, korxonalarning eksport salohiyatini oshirish hamda “Better Work” dasturi doirasida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA