Ayol-qizlarning iqtisodiy farovonligini oshirish yo‘lidagi hamkorlik
Jahonning nufuzli ma’rifiy maskanlari bilan hamkorlik sohalarga oid ilg‘or ish tajribalarini o‘rganish, ish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova hamda Garvard universitetining “Harvard Growth Lab” markazi asoschisi va direktori Rikardo Hausmann o‘rtasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda asosiy e’tibor yurtimiz xotin-qizlarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish va ularning barqaror daromad topishi uchun zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratildi. Tomonlar ayollar bandligini oshirish salohiyatiga ega bo‘lgan istiqbolli tarmoqlarni belgilash hamda bu boradagi mavjud to‘siqlarni chuqur tahlil qilish masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini oshirish muhimligi ta’kidlandi. Shu maqsadda, “Xotin-qizlar liderlik akademiyasi”ni xalqaro tajriba va ilg‘or ta’lim dasturlari asosida nufuzli platformaga aylantirish takliflari ko‘rib chiqildi.

Yakunda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha aniq ma’lumotlarga asoslangan milliy strategiyani ishlab chiqish va amaliy hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
N.Usmonova, O‘zA