Bilimli va tashabbuskor yoshlar Vatan ravnaqiga daxldor
Shinamgina xonadagi ish stoli. Tungi chiroq yorug‘ida xorijiy universitet darsliklarini varaqlayotgan talaba. Stol chetida esa o‘z yurtini eslatib turuvchi Vatan bayrog‘i va uni voyaga yetkazgan ota-onasining surati…
Chet elda tahsil olayotgan yurtimiz yoshlari zamonaviy bilim va tajriba orttirish yo‘lida izlanar ekan, qalbining bir chekkasida Vatan, oila va yaqinlari sog‘inchini tuyib yashaydi.
Bir paytlar yoshlarning xorijda ta’lim olishiga "ortga qaytmas yo‘l" sifatida qaralar edi. Boisi, ular bilim va tajribasini munosib ro‘yobga chiqarish uchun zarur imkoniyatlar yetarli bo‘lmagan. Bugun esa qarashlar tubdan o‘zgardi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati hamda alohida tashabbuslar ularning yurtda ravnaq topishi uchun imkoniyatlar eshigini ochdi. Ta’lim, tadbirkorlik, ilm-fan va xalqaro munosabatlar kabi ko‘plab yo‘nalishlardagi yangicha yondashuvlar mamlakatimiz ravnaqiga sabab bo‘lmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 22-iyul kuni Toshkent viloyatining Nurafshon shahriga tashrifi asnosida hududdagi ijtimoiy infratuzilma, raqamli texnologiyalar, sanoat hamda shaharsozlik sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Ma’lumki, ayni sohalar rivojida zamonaviy bilim va xalqaro tajriba muhim o‘rin tutadi. Shu bois bugun xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlarga mamlakatimizning ertangi taraqqiyoti uchun intellektual kuch sifatida qaralmoqda.
AQSHning Cincinnati universitetida tahsil olayotgan Mohinur Saidakbarova ham yurtimizda amalga oshirilayotgan islohot va imkoniyatlarlardan foydalangan holda yetuk kadr bo‘lib yetishishga bel bog‘lagan yoshlardan biri. Prezidentimizning Nurafshon shahriga tashrifi doirasida uning fikrlariga qiziqdik.

— AQSHda o‘qish davomida O‘zbekiston haqida ko‘p savollar berishadi. Ayniqsa, dunyoning turli davlatlaridan kelgan talabalar mening ta’lim olish jarayonida moliyaviy muammolar haqida qayg‘urmay, butun e’tiborimni faqat o‘qishga qaratayotganimni ko‘rib hayratlanishadi. Ular buning sababini so‘rashganda, O‘zbekistondan ekanimni va ta’limim “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini aytaman. Shunda ular davlatimiz yoshlar uchun yaratgan imkoniyatlarga havas bilan qarashadi. Ko‘plab xorijlik tengdoshlarim o‘qish xarajatlarini qoplash uchun ishlashga majbur bo‘lsa, men vaqtimni kutubxonada bilim olishga sarflay olaman. Menimcha, bu nafaqat katta imkoniyat, balki ulkan ishonchdir.
Darhaqiqat, Mohinur kabi dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar safi yildan-yilga kengayib bormoqda. Xususan, birgina o‘tgan yili "El-yurt umidi" jamg‘armasi tomonidan o‘tkazilgan ochiq stipendiya tanlovi yakunlariga ko‘ra, xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olish uchun qariyb 200 nafar iqtidorli yosh g‘olib sifatida tavsiya etilgan. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkich yanada oshirilib, nufuzli xorijiy oliygohlarda ta’lim olish uchun 500 ta kvota ajratildi.
Aslida, bugungi islohotlarning mazmuni bitta muhim haqiqatni tasdiqlamoqda. Har qanday mamlakatning haqiqiy boyligi uning yer osti yoki tabiiy resurslari emas, balki bilimli, tashabbuskor va Vatan ravnaqiga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashaydigan yoshlaridir. Shuning uchun ham ularning ta’lim olishi, ilmiy izlanishi va xalqaro tajribani egallashi mamlakat kelajagi taraqqiyoti uchun muhim asos hisoblanadi.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zA