Avariya dispetcherlik xizmati 24 soat xalq xizmatida
Bugungi kunda barcha sohalarda bo‘lgani kabi gaz ta’minoti tizimida ham xalq bilan muloqotni yaxshilash, ularning murojaat va dardlarini o‘ziniki kabi qabul qilib, tezkor bartaraf etish yo‘llarini ko‘rish muhim vazifalardan biriga aylangan.
Ellik mingdan ortiq tabiiy gaz iste’molchisiga ega Navoiy shahrida ham iste’molchilarning “104” raqamiga qo‘ng‘iroqlari 24 soat davomida qabul qilinadi. Chaqiruv qabul qilinishi bilan navbatchi tomonidan chilangarlarga manzil va murojaat maqsadi tushuntiriladi. Tezlik bilan avariya brigadasi aytilgan manzilga borib, muammoni bartaraf qilishadi.

Bugungi kunda “Navoiyshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limiga qarashli avariya dispetcherlik xizmatida to‘rtta avariya brigadasi navbatchilik asosida ish faoliyatini olib boradi. Aholi tomonidan gaz hisoblash uskunasi yoki gaz plitasidan gaz sizib chiqish holatlari bo‘yicha qo‘ng‘iroqlar ko‘p bo‘ladi. Avariya brigadasi har bir chaqiruv bo‘yicha zudlik bilan belgilangan manzilga yetib boradi.
– Ertalab gaz hisoblash uskunamizdan hid chiqayotganini sezib qoldim, – deydi Istiqlol mahallasida yashovchi Matluba Bahronova. – Shundan so‘ng tezkorlik bilan “104” raqamiga qo‘ng‘iroq qildim. Rahmat, gazchi xodimlarga, o‘n daqiqa ichida yetib kelishib, gaz hisoblash uskunamizdagi gaz sizib chiqish holatini bartaraf qilib berishdi. Juda xursand bo‘ldim.

Shahar bo‘ylab avariya dispetcherlik xizmatiga bir kunning o‘zida 30-40 tagacha chaqiruvlar amalga oshiriladi. Xalq xizmatiga kamarbasta gazchilar esa aholi murojaatlarini tezkor hal etish maqsadida kecha-yu kunduz mas’uliyat bilan o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni ado etishmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri