Amudaryoda “Har bir oila – tadbirkor” dasturi amalda
FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi Jayhun mahallasida aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va oilalar daromadini oshirishga qaratilgan manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda mahallada qariyb 4 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Joriy yilda 70 nafar fuqaroning bandligini ta’minlash maqsad qilingan bo‘lib, bu borada “Har bir oila – tadbirkor” dasturi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mahalla uchun 2026-yilda mazkur dastur doirasida 1 milliard 300 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit limiti ajratilgan. Hozirga qadar ushbu mablag‘lar hisobidan ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va chorvachilik yo‘nalishlarini rivojlantirish maqsadida 50 nafardan ortiq ishsiz fuqaroga 700 million so‘mdan ziyod imtiyozli kredit berilgan.
[gallery-30209]
Dastur doirasida mahallada oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan fuqarolar safida Alisher Abdullayev ham bor. U 33 million so‘m imtiyozli kredit asosida non va patir tayyorlash faoliyatini boshlab, zarur uskunalar xarid qildi. Shuningdek, Bekbergan Tulubayev ajratilgan kredit hisobidan 7 sotix yer maydonida zamonaviy issiqxona barpo etgan. U yerning 5 sotixida bodring, 2 sotixida pomidor yetishtirib, mahalliy bozorlarni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlab kelmoqda.
Jayhun mahallasida amalga oshirilayotgan bunday manzilli ishlar aholi bandligini ta’minlash, daromad manbalarini ko‘paytirish va hududning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA