O‘zbekiston va Gruziyaning farmatsevtika sohasidagi hamkorligi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholini sifatli, xavfsiz va hamyonbop dori vositalari bilan ta’minlash, mahalliy farmatsevtika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish va eksport salohiyatini oshirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish, texnologiyalar transferini jadallashtirish hamda xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish bu boradagi ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Mazkur sa’y-harakatlarning uzviy davomi sifatida, yurtimiz farmatsevtika tarmog‘i vakillari ishtirokida xorijiy davlatlarga maqsadli xizmat safarlari uyushtirilmoqda.
Xususan, Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov boshchiligidagi delegatsiya, shuningdek, O‘zbekistonning qator farmatsevtika korxonalari vakillari ishtirokida Gruziyaga amalga oshirilayotgan xizmat safari doirasida dastlab "GM PHARMA" korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Uchrashuv va ishchi muloqotlar davomida korxonada qo‘llanilayotgan ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalari, zamonaviy uskunalar hamda sifat nazorati tizimi o‘rganildi.
Shuningdek, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishda qo‘llanilayotgan zamonaviy yondashuvlar yuzasidan o‘zaro tajriba almashildi. Tomonlar mazkur texnologiyalarni mamlakatimiz farmatsevtika tarmog‘ida joriy etish, ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish, texnologiyalar transferi hamda O‘zbekiston farmatsevtika korxonalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.

Mazkur amaliy tashrifning mantiqiy davomi sifatida hamda davlatlararo tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida delegatsiyaning navbatdagi manzili Gruziya Tibbiy va farmatsevtik faoliyatni tartibga solish davlat agentligi bo‘ldi. Bu yerda Gruziyaning vakolatli agentligi bilan farmatsevtika sohasida hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, mahalliy farmatsevtika mahsulotlarining Gruziya bozoriga eksport hajmini oshirish hamda bu jarayonda mavjud masalalarni hal etish yuzasidan atroflicha muzokaralar olib borildi.
Shuningdek, uchrashuvda ishtirok etgan mahalliy farmatsevtika ishlab chiqaruvchilari Gruziyada dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida yuzaga kelayotgan amaliy masalalarni ko‘tarib, ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif va mulohazalarini bildirdi. Uchrashuv yakunida tomonlar farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, eksport salohiyatini oshirish hamda ishlab chiqaruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Shuningdek, Gruziyaga amalga oshirilayotgan amaliy tashrif doirasida sog‘liqni saqlash va tibbiy ilm-fan sohasidagi aloqalarni kengaytirish maqsadida «Todua Clinic» bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda Gruziyaning onkologiya va yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlar sohasidagi yetakchi ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalaridan biri — «Todua Clinic» rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekistonda klinik tadqiqotlar ekotizimini rivojlantirish, xalqaro klinik tadqiqotlarni keng jalb etish, onkologiya sohasida zamonaviy diagnostika va davolash usullarini joriy etish hamda ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, muloqot chog‘ida klinik tadqiqotlarni tashkil etish va boshqarish, GCP xalqaro standartlarini amaliyotga tatbiq etish, ilmiy tadqiqot markazlari salohiyatini oshirish, shifokorlar, klinik tadqiqotchilar va farmatsevtlar uchun qo‘shma ta’lim dasturlari, malaka oshirish kurslari, stajirovkalar hamda ekspertlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish istiqbollari ham atroflicha ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda «Todua Clinic» o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Bu kabi xalqaro amaliy muloqotlar O‘zbekiston farmatsevtika bozorining raqobatbardoshligini oshirishga, mahalliy korxonalarning xalqaro standartlarga integratsiyalashuvini tezlashtirishga hamda milliy mahsulotlarimizning tashqi bozorlardagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi. Gruziyaning ham ishlab chiqarish, ham tartibga solish sohasidagi yetakchi tuzilmalari bilan o‘rnatilayotgan yaqin hamkorlik nafaqat sohaga yangi investitsiyalar va innovatsiyalarni jalb etish, balki yakuniy bosqichda aholimiz uchun tibbiy mahsulotlar ta’minotining barqarorligi va sifatini kafolatlashda muhim omil bo‘lishi muqarrar.
Mohigul Qosimova, O‘zA