Tashabbuskorlik va yetakchilik fazilatlari erta namoyon bo‘lgan edi
Vatan taqdiriga daxldorlikni hayotining mazmuniga aylantirgan, el-yurt ravnaqi yo‘lida halol xizmat qilgan insonlar orasida qatag‘on qurbonlarining o‘rni alohida. Zomin zaminida voyaga yetib, respublika miqyosidagi mas’ul lavozimlargacha yuksalgan Nazirqul Hasanov ana shunday fidoyilardan biri edi. Afsuski, millatga xizmat qilishni o‘zining eng oliy burchi deb bilgan bu inson ham 1937–1938-yillardagi siyosiy qirg‘inning navbatdagi qurboniga aylandi.
Milliy mustaqilligimiz tufayli tarixning eng og‘ir va eng alamli sahifalarini xolisona o‘rganish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bugun qatag‘on qurbonlarining nomini tiklash, ularning hayoti va faoliyati haqida yoshlarga so‘zlab berish, ayniqsa, ular qalbida tarixga hurmat va xotiraga sadoqat tuyg‘usini mustahkamlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Shu bois har yili 31-avgust — Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunida Vatan istiqloli va xalq manfaati yo‘lida jonini fido qilgan minglab vatandoshlarimiz xotirasiga ehtirom ko‘rsatiladi. Ular orasida Zomin diyori yetishtirgan jasur va irodali farzand — Nazirqul Hasanov ham bor.

1903-yilda Zomin tumanining Yom qishlog‘ida kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgan Nazirqul Hasanovning bolaligi mehnat va mashaqqat bag‘rida kechdi. 1914–1916-yillarda diniy ta’lim oldi. Keyinchalik Zomindagi rus-tuzem maktabida bir yarim yil tahsil oldi. Biroq 1916-yilgi Jizzax qo‘zg‘oloniga nisbatan bildirgan xayrixoh munosabati uning taqdiriga ta’sir qildi — u o‘qishni tark etib, dehqonchilik bilan shug‘ullanishga majbur bo‘ldi.
Bu yigitning tabiatidagi tashabbuskorlik va yetakchilik fazilatlari erta namoyon bo‘lgan edi. Ko‘p o‘tmay u komsomol yacheykasini tashkil etishda ishtirok etdi.
1920-yildan VKP(b) a’zosi sifatida faoliyat yuritgan Nazirqul Hasanov Jizzax tuman partiya qo‘mitasida, Samarqand va Surxondaryodagi sho‘ro tashkilotlarida mas’ul vazifalarni bajardi. Keyinchalik 1930–1933-yillarda “O‘zkolxozstroy” raisi, so‘ng Respublika Yer ishlari xalq komissarining o‘rinbosari, 1934-yildan esa Xorazm viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi lavozimida mehnat qildi. Shu bilan birga, Sverdlov dorilfununida sirtdan tahsil olib, bilim va tajribasini muntazam boyitib bordi.
Tarixiy manbalar guvohlik berishicha, Nazirqul Hasanov Xorazmda faoliyat yuritgan yillarda hudud ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan rahbarlardan biri sifatida tilga olinadi. Ayrim tadqiqotlarda uning hamda o‘sha davr viloyat rahbarlarining tashabbusi bilan Xorazmda oliy ta’lim muassasasi tashkil etilishida tashabbuskor bo‘lganlari ham qayd etilgan. Bu ma’lumotlar zamondoshlar xotiralari va arxiv hujjatlarida o‘z aksini topgan.
Ammo tarixning eng shafqatsiz davrlaridan biri — 1937-yilgi “Katta terror” uni ham ayamadi.
1937-yil 6-avgust kuni NKVD xodimlari tomonidan hibsga olingan Nazirqul Hasanovga nisbatan soxta ayblovlar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Oradan bir yil o‘tib, 1938-yil 2-noyabrda uning ishi ko‘rib chiqildi va oliy jazo — otishga hukm qilindi.
Biroq tarixning adolat tarozisi baribir o‘z so‘zini aytdi. Mustaqillik yillarida qatag‘on qurbonlari nomi oqlanib, ularning hayoti va faoliyatini o‘rganishga keng yo‘l ochildi. Nazirqul Hasanov haqida ham arxiv hujjatlari asosida ilmiy izlanishlar olib borildi, uning hayoti va davlatchilik yo‘lidagi xizmati haqida maqolalar e’lon qilindi.
Nazirqul Hasanovning hayot yo‘li — bir inson qismati ortida butun bir millatning iztirobi, orzu-umidlari va tarix saboqlari mujassam ekanining yorqin dalilidir. Bunday insonlar xotirasini ardoqlash — o‘tmishga ehtirom, bugungi mas’uliyat va kelajak oldidagi burchdir. Zero, xalq ozodligi va Vatan istiqboli yo‘lida qurbon bo‘lganlar nomi hech qachon unutilmaydi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri