Amir Temur davlatchiligi tarixida Turon malikalarining o‘rni
Qashqadaryo viloyatida Milliy tiklanish demokratik partiyasi tashabbusi bilan buyuk sohibqiron Amir Temurning 690 yilligi munosabati bilan Shahrisabz shahridagi Oqsaroy majmuasida “Amir Temur davlatchiligi tarixida Turon malikalarining o‘rni” mavzusidagi ilmiy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda tarixiy merosga yangicha yondashuv asosida, ayniqsa, ayollarning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni chuqur tahlil qilindi. Shuningdek, tadbir doirasida yozuvchi Shahodat Isaxonovaning “Bibixonim” tarixiy romani taqdimoti o‘tkazilib, milliy o‘zlikni anglash masalalari yana bir bor kun tartibiga chiqdi.


Shundan so‘ng, Amir Temur haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib, ajdodlar xotirasiga ehtirom va vorislik tamoyillari ifoda etildi.


Kunning ikkinchi yarmida esa partiya faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi. Unda mahalliy Kengashlarda partiya guruhlari faoliyatini samarali tashkil etish, deputatlik ishi, saylovchilar bilan muloqot va murojaatlar bilan ishlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shu bilan birga, tahliliy markazlar faoliyati, amaliy treninglar va metodik ishlanmalar orqali deputatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.



Qashqadaryoda o‘tkazilgan mazkur tadbirlar nafaqat ulug‘ ajdodimiz xotirasini yod etish, balki siyosiy va ma’naviy hayotda yangi bosqichni boshlab bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri