Maktab oshxonasi: o‘smirlarning 25 foizdan ortig‘i ortiqcha vazn yoki semizlikdan aziyat chekmoqda
Yosh avlod salomatligi va intellektual salohiyatini ta’minlashda to‘g‘ri ovqatlanish hal qiluvchi omillardan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, maktablarda sog‘lom ovqatlanish tizimini shakllantirish masalasi bugun nafaqat ta’lim, balki sog‘liqni saqlash va ijtimoiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Toshkent shahrida BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) hamkorligida bolalar va o‘smirlar uchun maktab ovqatlanishi hamda sog‘lom oziq-ovqat muhitlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan ilk Milliy ekspertlar muloqoti o‘tkazildi. Unda sohadagi dolzarb muammolar va ularning yechimlari muhokama qilindi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu mavzu har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki, maktab yoshidagi bolalarning ovqatlanish odatlari ularning kelgusidagi salomatligi va hayot tarziga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Biroq mamlakatimizda har 6 ta maktabdan faqat bittasida ovqatlantirish xizmati yo‘lga qo‘yilgan, aksariyat ta’lim muassasalarida esa shakar, tuz va yog‘ miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar erkin sotilmoqda.
O‘smirlarning 25 foizdan ortig‘i ortiqcha vazn yoki semizlikdan aziyat chekmoqda. Bu esa kelgusida yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet kabi surunkali xastaliklar xavfini oshirishi bilan xavotirlidir. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, maktablarda nosog‘lom oziq-ovqat muhitining saqlanib qolayotgani bolalarning to‘g‘ri ovqatlanish ko‘nikmalarini shakllantirishga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda.
Ekspertlar muloqotida ta’kidlanganidek, maktab ovqatlanishini rivojlantirish inson kapitaliga yo‘naltirilgan strategik sarmoya hisoblanadi. Bu nafaqat bolalar salomatligini mustahkamlaydi, balki ularning o‘qishdagi natijalari va kelgusidagi mehnat samaradorligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, sohada yagona siyosat yuritish, standartlarni kuchaytirish va turli tarmoqlar o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlash dolzarb vazifa sifatida belgilandi.
Xususan, muloqot doirasida maktab oziq-ovqat muhitini baholash va o‘smirlar ovqatlanishi bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari asosida amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish, sog‘lom va xavfsiz ovqatlanish tizimini joriy etish, shuningdek, bolalar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Darhaqiqat, maktablarda sog‘lom ovqatlanish muhitini yaratish bugungi kunda faqat bir sohaning emas, balki butun jamiyatning ustuvor vazifasiga aylanmoqda. Bu borada tizimli islohotlarni amalga oshirish, nazoratni kuchaytirish va barcha manfaatdor tomonlar o‘rtasida hamkorlikni ta’minlash orqali kelgusida sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashga mustahkam zamin yaratiladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA