Alisher Qodirov nimadan norozi? (+video)
Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Loyihaga ko‘ra, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati o‘z majburiyatlarini bajarmasa, jamg‘arma tomonidan sarflangan mablag‘larni undirish, shuningdek, jamg‘arma bu borada sudga da’vo kiritishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.
Qizg‘in muhokamalarda O‘zMTDP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov majburiyatini bajarmagan stipendiatlardan mablag‘lar undirib olinishida ilmiy tadqiqot ishlarini o‘z vaqtida himoya qila olmagan magistr va doktorantlar istisno qilinishi kerakligini bildirdi.
Bunga javoban “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismoilova mazkur jamg‘arma shaxsiy loyiha emasligini ta’kidlab, doktorantlar shartnomada belgilangan muddatda o‘z tadqiqotini bajarishi lozimligini qayd etdi.
Ammo Alisher Qodirov bunday byurokratik to‘siqlar oqibatida qobiliyatli yoshlarni qo‘ldan boy berish mumkinligidan jiddiy xavotir bildirdi. Unga ko‘ra, xalqaro huquq normalariga ko‘ra, ilmiy ish davom etishi uchun asoslab berilsa, qo‘shimcha qaror orqali to‘rtinchi va undan keyingi yilda ham davom ettirilishi mumkin.
Qizg‘in bahs va tortishuvlardan so‘ng qonun loyihasidagi norma o‘z holicha qoldirildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/_58PxYrociQ" title="Alisher Qodirov nimadan norozi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, O‘zA