Adliya ko‘magida 23 ming nafardan ortiq fuqaroning mehnat huquqlari tiklandi
Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi ustuvor vazifalar yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.
2025-yilda adliya sohasida fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, davlat xizmatlari ko‘rsatish, normativ-huquqiy bazani izchil rivojlantirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgani qayd etildi.
Xususan, vazirlik tashabbusi bilan 258 normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqildi hamda aholidan talab etiladigan 30 turdagi hujjatni taqdim etish amaliyoti bekor qilindi. “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda bir vaqtning o‘zida 7 xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga, “proaktiv qonunchilik” tamoyili joriy etilib, tadbirkorlik sub’ektlarini yangi hujjatlar haqida avtomatik xabardor qilish tizimi ishga tushirildi hamda 1,6 mingta majburiy talab bekor qilindi.
Tartibga solish ta’sirini baholash doirasida 2 ming 385 hisobot ko‘rib chiqilib, “tartibga solish gilotinasi” usuli orqali o‘z ahamiyatini yo‘qotgan 738 normativ-huquqiy hujjat bekor qilindi.
[gallery-28391]
Aholining huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida yil davomida bir milliondan ortiq huquqiy targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Unda inson huquqlari, xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar huquqlari hamda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari keng qamrab olindi. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali yuz minglab materiallar e’lon qilinib, “Huquqiy targ‘ibot kuni” hamda “Huquqiy maslahat bilan har bir uyga” loyihalari doirasida aholining dolzarb muammolari bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi.
Shu bilan birga, “Lex AI” sun’iy intellekt platformasi joriy etildi. “Huquqiy mahalla” loyihasi doirasida 1,8 millionga yaqin xonadon o‘rganilib, aniqlangan 1,1 million huquqiy muammoning 97 foizi ijobiy hal etildi.
Natijada 23 ming nafardan ortiq fuqaroning mehnat huquqlari tiklanib, sudlarga kiritilgan 6 ming 224 da’vo ariza asosida fuqarolar foydasiga 229 milliard so‘m mablag‘ undirildi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida 2025-yilda 61 milliondan ortiq xizmat ko‘rsatilib, aholining chekka hududlari uchun 1,1 milliondan ortiq sayyor xizmatlar tashkil etildi. Proaktiv va kompozit xizmatlar soni kengaytirilib, mos ravishda 22 ta va 88 taga yetkazildi. Xizmat ko‘rsatish muddati sezilarli darajada qisqartirilib, davlat xizmatlari markazlarida 10 daqiqadan 4 daqiqagacha, FHDYO organlarida esa 7 daqiqadan 5 daqiqagacha kamaytirildi.
Notariat sohasida talab etiladigan hujjatlar hajmi 95 foizga qisqartirilib, 16 turdagi xizmatlarni onlayn rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yildi.
Natijada yil davomida 299 mingdan ortiq onlayn notarial harakatlar amalga oshirilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 4 baravarga oshdi. Intellektual mulk sohasida huquqlarni himoya qilish tizimi kuchaytirilib, ob’ektlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblari soddalashtirildi hamda xalqaro hamkorlik doirasida Koreya Respublikasi bilan 9,7 million AQSH dollari miqdoridagi grant loyihasi amalga oshirilmoqda.
“Kontrafaktsiz oy” va “San’at va ijod himoyasi” tadbirlari doirasida profilaktik ishlar kuchaytirilib, mualliflar foydasiga kompensatsiyalar undirilishi ta’minlandi.
Yuridik kadrlarni tayyorlash tizimida raqamlashtirish ishlari izchil davom ettirilib, “E-universitet” platformasi orqali barcha jarayonlar avtomatlashtirildi. Shu bilan birga, “Raqamli huquq” hamda “Korporativ huquq va boshqaruv” kabi yangi ta’lim yo‘nalishlari joriy etilib, 227 umumta’lim maktabida “Huquq sinflari” tashkil etildi. “Huquq maktabi” mobil ilovasi orqali esa 90 mingga yaqin foydalanuvchilarning huquqiy bilimlari oshirildi.
N.Abduraimova, O.Pardayev (surat), O‘zA