Yoshlar uchun ibrat maktabi
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga bilim berish, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish bilan bir qatorda, vatanparvarlik, mehnatsevarlik va yurt taqdiriga daxldorlik ruhida tarbiyalashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, hayot yo‘li ibrat bo‘lgan, mehnati va fidoyiligi bilan xalq hurmatiga sazovor insonlar bilan uchrashuvlar yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ana shunday mazmunli tadbirlardan biri Buxoro davlat texnika universitetida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Qahramoni, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Muhammad Ahmedov yoshlar bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida mehmon o‘z hayotiy tajribasi, mehnat orqali inson kamol topishi, yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shishning ahamiyati haqida fikr bildirdi. Uning har bir so‘zi yoshlar uchun katta hayotiy saboq va motivatsiya manbai bo‘ldi.

– Yurt koriga yarash bu balandparvoz ibora emas, – dedi O‘zbekiston Qahramoni Muhammad Ahmedov. – Bu mashaqqatli va sharafli hayot yo‘li, halol peshona teri, butun umr yer bilan tillashish, bedor o‘tgan tun va kunlar deganidir. Bizning mehnatimiz yuksak darajada qadrlanayotgani esa bu yurtda barcha islohotlar, avvalo, inson manfaati uchun ekanining yaqqol dalilidir.

Uchrashuv ochiq muloqot ruhida o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, hayotda muvaffaqiyatga erishish, mehnat faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, rahbarlik mas’uliyati va inson qadri haqida batafsil javoblar oldi. Samimiy va erkin muhitda kechgan muloqot barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Bu kabi uchrashuvlar yoshlarning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi, ularni katta maqsadlar sari undaydi. Zero, kitobdan o‘qilgan bilim insonni boyitsa, hayot sinovlaridan o‘tgan insonlar bilan muloqot yoshlarga to‘g‘ri yo‘l tanlashda beqiyos tajriba beradi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.