2026-yil 1-sentabrdan boshlab nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishda o‘zini o‘zi tartibga solish tizimi joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030 strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishda o‘zini o‘zi tartibga solish tizimi joriy etiladi.
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 2026-yil 1-iyulga qadar nodavlat qo‘shimcha ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi sub’ektlarning yuqori natijalarga erishgan o‘qituvchilari xorijiy ilg‘or ta’lim markazlariga stajirovkaga yuboriladi.
Har yili dekabr oyida o‘quv markazlari uyushmalari bilan hamkorlikda ular o‘rtasida o‘zaro tajriba almashishga bag‘ishlangan forum o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yiladi.
Olis va chekka hududlarda xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha nodavlat qo‘shimcha ta’lim xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish uchun foizsiz qarz (ssuda) ajratilgan va faoliyatini kengaytirmoqchi bo‘lgan sub’ektlarga Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari doirasida bazaviy hisoblash miqdorining 730 baravarigacha miqdorda foizsiz qarz (ssuda) ajratib boriladi.
Olis va chekka hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan nodavlat qo‘shimcha ta’lim xizmatlari ko‘rsatuvchi sub’ektlar jami daromadi umumiy hajmining kamida 80 foizini qo‘shimcha ta’lim xizmatlari tashkil etganda va har oyda har bir xodimga ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining ikki baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda ularga 2026-yil 1-maydan boshlab 2031-yil 1-yanvarga qadar quyidagi imtiyozlar taqdim etiladi:
a) ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz etib belgilash;
b) tuzilgan mehnat shartnomalari va fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar bo‘yicha o‘qituvchilar tomonidan olingan mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasini 1 foiz etib belgilash.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda Soliq kodeksiga ushbu banddan kelib chiqib, tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini, shuningdek, mazkur imtiyoz qo‘llanadigan olis va chekka hududlar ro‘yxatini belgilashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Yosh oilalarni yanada qo‘llab-quvvatlash va qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida 2027-yil 1-yanvardan boshlab uy-joyga muhtoj yosh oilalarga birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun quyidagi tartibda ipoteka kreditlarini ajratish yo‘lga qo‘yiladi:
a) Ipoteka dasturi doirasida ipoteka kreditlari bo‘yicha hisoblangan foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismi Davlat byudjetidan qoplab beriladi;
b) quyidagi asosiy ijtimoiy mezonlarga muvofiq keladigan yosh oilalarga ipoteka krediti ajratiladi:
ariza beruvchi hamda uning turmush o‘rtog‘i 30 yoshdan oshmagan bo‘lishi;
ariza beruvchi hamda uning turmush o‘rtog‘i nomida so‘nggi 3 yilda mulk huquqi asosida ko‘chmas mulk mavjud emasligi;
Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Yoshlar ishlari agentligi, Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yil 1-avgustga qadar ipoteka kreditlarini ajratish tartibini (shu jumladan, ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlari bir qismini qoplab berish uchun arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirilishini nazarda tutgan holda) ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
2027-yildan boshlab har ikki yilda bir marta 12-avgust – Xalqaro yoshlar kuni arafasida "Avlodlar muloqoti" xalqaro yoshlar kongressini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.
2026-yildan boshlab kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan yosh ijodkorlarni rag‘batlantirish maqsadida "Ilg‘or ijodkor" Prezident mukofoti joriy etiladi. Unga ko‘ra:
a) she’riyat, dramaturgiya hamda bolalar adabiyoti yo‘nalishlari bo‘yicha eng yaxshi yozuvchi va shoirlar mukofotlanadi;
b) har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
O‘zA